

Bugun u 2020 yilgi Tokio Olimpiya va Paralimpiya o'yinlarini o'tkazish bo'yicha tashkiliy qo'mitasi va mamlakat sport assotsiatsiyasi vice-prezidenti, Yaponiya Parlamentidagi vakillar Palatasi a'zosi Toshiaki Endo bilan ko'rishgani haqida xabar berib o'tgandik.
Kunning ikkinchi yarmida esa Umid Ahmadjonov nafaqat Yaponiya, balki jahonda o'ziga xos obro'-e'tiborga ega tibbiyot fanlari doktori, professor, sport tibbiyoti tadqiqot markazi docenti, Yaponiya sog'liqni saqlash boshqarmasi sport tibbiyoti kafedrasi mudiri Xiroyuki Ishida bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida tomonlar O'zbekistonda sport tibbiyotini rivojlantirish, malakali mutaxassislar tayyorlash, o'zaro tajriba almashish masalalarida kelishuvga erishdilar.
Xabaringiz bor, Milliy olimpiya qo'mitasi huzurida jahon standartlariga to'liq javob beradigan, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taminlangan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi ham faoliyat olib boradi. Umid Ahmadjonov yaponiyalik shifokorlarni yurtimizga taklif qildi. Ushbu taklifga javoban Xiroyuki Ishida boshchiligidagi shifokorlar 27 iyul – 2 avgust kunlari poytaxtimizga tashrif buyurib, o'zbekistonlik hamkasblariga master-klass va seminarlar o'tkazib berish istagini bildirdilar. Unda yapon mutaxassislari tibbiyot markazi faoliyatini samarali tashkil etish, sportchilarga tibbiy yordam ko'rsatish, ularni to'g'ri ovqatlantirish, o'z vaqtida kerakli vitaminlar bilan taminlash kabi masalalar yuzasidan o'z tavsiyalarini beradilar.
Ta'kidlab o'tish lozimki, mamlakatda sport rivoji yo'lida sport tibbiyoti muhim yo'nalishlardan biri hisoblanadi. Demak, ushbu kelishuv mamlakat sporti taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.



