Uchko'prikda chempion bilan uchrashuv

Narzulla Saydullayev
3 fev 2018
Futbol bo'yicha Xitoyda bo'lib o'tgan Osiyo Chempionatida, O'zbekiston U-23 terma jamoasi qo'lga kiritgan g'alabadan har bir yurtimiz fuqarosining qalbi behad quvonchlarga to'ldi.

Uchko'prik tumanidagi 33-maktab o'qituvchi va o'quvchilari uchun unutilmas kun bo'ldi. Shu maktab bitiruvchisi bo'lgan “Qo'qon-1912” futbol klubi futbolchisi Oybek Rustamov ham Xitoydan oltin medal taqib keldi.

Oybek Rustamov o'zi talim olgan maktab o'qituvchi va o'quvchilari bilan uchrashdi. Uchrashuvda Oybek o'ziga talim va tarbiya bergan barcha ustozlariga minnatdorchilik bildirdi.

“Biz Xitoyda bo'lsak ham barchangizni qo'llab-quvvatlashingizni his qilib turdik. Ortimizda Vatanimiz, ota-onalarimiz va albatta bizga talim bergan ustozlarimiz ko'z tikib turganlarini , ona vatanimizga chempionlikdan boshqa natija bilan qaytib bora olmasligimizni o'ylab maydonga tushdik. Ayniqsa kelganimizdan so'ng, shaxsan hurmatli yurtboshimizning o'zlari e'tibor qilib bizni taqdirlaganlari bizga yanada katta masuliyat yukladi. Men siz aziz ustozlarimga, kelajakda O'zbekiston bayrog'ini jahon chempionatlarida ham yuqori ko'tarishga bor kuch g'ayratimni ishga solaman deb vada beraman ” –dedi Oybek Rustamov.

Uchrashuvda Oybekning birinchi murabbiyi Samandar Meliboev ham ishtirok etib, shunday shogirdi borligi bilan faxrlanishini ta'kidladi. Shuningdek 33-maktabning yosh futbolsevar o'quvchilari, kelajakda Oybek Rustamovga o'xshagan chempion bo'lish uchun harakat qilishga so'z berdilar. Uchrashuv juda yuqori kayfiyatda o'tdi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: kokand1912.uz