"U asabimga tegyapti!" Runi MYUning soch oldirmayotgan mashhur muxlisini tanqid qildi

Aslanov Jasurbek
11 fev 2026, 13:35
"Manchester Yunayted" afsonasi Ueyn Runi jamoaning g'alabali seriyasi va bu bilan bog'liq g'alati "chellenj" haqida o'z fikrlarini bildirdi.

Gap shundaki, Frenk Ilett ismli muxlis MYU ketma-ket 5 ta o'yinda g'alaba qozonmaguncha soch oldirmaslikka vada bergan.

Vaziyat qanday? Kecha Maykl Kerrik shogirdlari APLning 26-turida "Vest Xem" bilan durang o'ynashdi (1:1). Shu tariqa, jamoaning 4 ta o'yindan iborat g'alabali seriyasi to'xtadi, muxlisning "chellenj"i esa yana boshidan boshlandi.

Runi nima dedi? Ueyn Runi "No Tippy, No Tappy" podkastida ushbu muxlis haqida gapirib, uning xatti-harakatlaridan charchaganini yashirmadi:

"U mening asabimga tegyapti. Biz Maykl Kerrik va "Man Yunayted"ning beshinchi g'alabasi haqida gapirishimiz kerak bo'lgan paytda, hamma e'tibor shu yigitning soch oldirishiga qaratilyapti.

Qizig'i shundaki, agar "Yunayted" g'alaba qozonsa, u rosa xafa bo'ladi deb o'ylayman. Chunki unda soch qolmaydi va u hech kimga qiziq bo'lmay qoladi. Men uni mamlakatning narigi chekkasiga jo'natib yuborgan bo'lardim", - dedi Runi.

Eslatib o'tamiz, "Manchester Yunayted" Kerrik qo'l ostida o'z o'yinini topib oldi, biroq 5 talik zafarli seriya mankunianliklarga hozircha armon bo'lib qolmoqda.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: ESPN