Turkiya Superligasi. Peshqadam o'zgargan turda "Beshiktosh" yana g'alaba qozondi

Narzulla Saydullayev
13 noya 2019, 12:32
Yakshanba oqshomi ko'hna va azim shahar bo'lmish Istanbulda bo'lib o'tgan o'yin bilan Turkiya mahalliy chempionati navbatdagi turi o'z yakuniga etdi.

Malumot o'rnida shuni qayd etib o'tish joizki, o'tgan turdan farqli o'laroq bu safar o'tkazilgan 10 uchrashuvda naq 20 ta gol urildi va bu degani har bir bahsda 2 tadan to'p kiritilgan.

Yetakchida irodali g'alaba

Musobaqa jadvalida deyarli barcha ishtirokchilar bir-biriga juda yaqin yani zich joylashishgan. Hamisha yuqori o'rinlarni ko'zlab kelgan jamoalardan biri bo'lgan "Fenerbaxche" o'z maydonida ohirgi paytlar omadsizliklar girdobiga tushib qolgan "Qosimposho"ni kuchli iroda evaziga mahv etdi. Gollarga kelsak, oldiniga Istanbul shahri jamoasining 25 yoshli kosovolik hujumchisi Vedat Muriki yuzaga kelgan penaltidan unumli foydalandi va hisobni ochdi. 37-daqiqaga kelib esa, mehmonlarning Shvetsiya fuqaroligiga ega bo'lgan futbolchisi Abdul Xalili o'rtadagi muvozanatni tikladi. Oradan 7 daqiqa o'tar-o'tmas yana o'sha Muriki va qo'shimchasiga yana belgilangan 11 metrli jarima zarbasini aniq amalga oshirgan holda jamoasini oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo'lim boshlariga kelib, Siam Ben-Yussef hisobni tenglashtirdi va lekin uch daqiqa o'tmasidan istanbulliklarning mahalliy doimiy qutqaruvchisi markaziy himoyachi Sardor Aziz jamoasiga muhim g'alaba keltirgan gol muallifiga aylandi.



Autsayderlar jangida anqaraliklar g'olib


Mavsum boshidan beri musobaqaning eng qoloq ishtirokchilari bo'lib kelgan va yaqindagina dastlabki g'alabalarini rasmiylashtirgan jamoalar "Genchlerbirligi" hamda "Qaysarispor" o'zaro jang olib borishdi. O'yinga to'xtaladigan bo'lsak unda raqibidan biroz ustun ko'ringan mezbon jamoa vakillari haqli ravishda ishonchli hisob bilan g'alabaga erishdi. Avvaliga Anqara shahri jamoasining ivuarlik tajribali forvardi Jovanni Sio hisobni ochdi. Biroq ikkinchi bo'lim o'rtalarida mehmonlar tarkibida zahiradan maydonga tushganiga uch daqiqa bo'lmasidan Emre Demir chiroyli zarbasi bilan muvozanatni tikladi va lekin bu hali hammasi emas edi. Oradan 10 daqiqa o'tar-o'tmas Ruminiya milliy terma jamoasi asosiy hujumchisi Bogdan Stanku g'alaba to'pini kiritib, o'yin qaxramoniga aylandi.



Antaliya shahri jamoasi yana mag'lub

7-tur doirasida kimsan shonli tarixga ega jamoalardan biri bo'lgan "Fenerbaxche"ni mehmonda er tishlatish ortidan yaqqol autsaydyerdan qaqshatqich zarbani qabul qilib olgach, hali hamon o'ziga kela olmayapti. Mana to'rt o'yindirki, jamoa faqat mag'lubiyatga uchramoqda. Bu safar ular, joriy mavsumda evrokuboklar yo'llanmasi uchun kurashishni maqsad qilgan "Rizespor" mehmoni bo'lishdi va minimal hisobda imkoniyatni boy berishdi. O'yin taqdirini hal qilgan yagona gol muallifi mezbonlarning 30 yoshli marokashlik legioner azosi Moxamed Abarxun bo'ldi.



Yangi peshqadam sururi

Joriy mavsum boshidan beri o'zgarmay kelgan musobaqa jadvali karvonboshisi o'z o'rnini bu safargi turda kuchli klublarga etarlicha boshog'rig'i bo'la oladigan "chaqilmas yong'oq" jamoalardan biri "Konyaspor"ni taslim qilgan "Sivasspor"ga bo'shatib berdi. Uchrashuvga to'xtaladigan bo'lsak, keskin va murosasiz kurashlar ostida o'tgan bahs taqdirini so'nggi 10 daqiqalikda Emre Kilinch va Xakan Arslan tomonidan urilgan gollar hal qildi. Shunday qilib, ushbu natijadan keyin Sivas shahri bosh jamoasi 21 ochko jamg'argan holda peshqadamlikni o'z qo'liga oldi.



Raqobatchilar to'qnashuvi

Turnir jadvalida deyarli yonma-yon o'rinlarni egallab turgan jamoalar "Gaziantep" va "Galatasaroy" joriy turda o'zaro to'qnash kelishdi. Har ikkala tomonga ham uch ochko suv va havodek zarur bo'lgan muhim o'yinda istanbulliklar ishonchli hisobda g'alaba qozonishdi. Gollarga birinchi bo'limning o'zida Gollandiya milliy ligasida tajriba orttirgan mahalliy himoyachi Emer Bayram va o'z vaqtida "Valensiya" hamda Angliya Premer-ligasining doimiy ishtirokchisi "Vest Xem" kabi ko'zga ko'ringan klublarda o'ynagan Sofian Feguli mualliflik qilishdi.



O'rtamiyonalar bellashuvida durang


Avvalgi tur doirasida Trabzon shahri bosh jamoasi maydoniga safar qilib, kichik hisobdagi g'alabani rasmiylashtirgan "Gyoztepe" kuchli o'nlikka kirish uchun ajoyib imkoniyatga ega bo'lgandi va lekin jamoa o'tgan hafta qosimposholiklar bilan jangovar durangga rozi bo'lgan "Yeni Malatyaspor"ni engishni uddasidan chiqa olmadi. O'yinga kelsak mezbonlarning mahalliy iqtidorli vingeri Sardor Gyurler hisobni ochgan bo'lsa, faqat 82-daqiqaga kelibgina Yevropa yashil maydonlarida tajriba to'plagan futbolchi Gekxan Tyore yuzaga kelgan penaltini golga aylantirdi va jamoasini muqarrar mag'lubiyatdan qutqardi.



Peshqadamning omadsizligi

Vanihoyat, mavsum boshidan beri biron marta karvonboshilikni hech kimga bermagan "Alanyaspor" mag'lub etildi va shu asnoda 4-o'ringa tushib qoldi. Peshqadamni tiz cho'ktirgan jamoa chempionlik poygasining doimiy qatnashchilaridan biri bo'lgan "Trabzonspor" bo'ldi. Murosasiz va keskin kurashlar ostida kechgan uchrashuv taqdirini hal qilib bergan golni 66-daqiqada Majid Xosseini penaltidan kiritdi. Malumot uchun, ushbu o'yinda bosh xakam mezbonlardan besh va alanyaliklardan to'rt futbolchiga sariq kartochka ko'rsatdi. Shuningdek, har ikkala jamoadan Abdulqodir Parmak va Xunior Fernandes maydondan chetlatildi.



Daxshatli istanbulliklar qaytishmoqda


Kutilmaganda joriy mavsumni juda sust boshlagan o'zining shonli tarixiga ega bo'lgan mamlakatning bayroqdor jamoasi "Beshiktosh" qatorasiga uchinchi o'yinda g'alaba nashidasini surdi. Bu safar, o'z maydonida debyutant "Denizlispor"ni qabul qildi va kichik hisobdagi g'alabani qo'lga kiritdi. Yagona gol muallifi - fransiyalik yosh umidli yarim himoyachi Jorj-Kevin Nkudu. Xa, musobqaning barcha davrlardagi gigant klublaridan biri bo'lib kelgan jamoa o'zining asl saviyasiga qaytmoqda. Hozirda, Istanbul shahri bosh jamoasini 1-pog'onadan atigi uch ochko ajratib turibdi.



Istanbul Anqara bellashuvi

O'tgan turda, "Alanyaspor" bilan mehmonda nursiz durangga imzo chekkan "Istanbul Bashakshehir" jamoasi bu safar o'z maydonida avvalgi tur doirasida muxlislari qarshisida gaziliklarga yutqazib qo'ygan Anqara shahrining deyarli shu nom bilan ataluvchi klubini qabul qildi va qiyinchilik bilan g'alabaga erishdi. Gollarga kelsak, yana bir fransiyalik istiqbolli yoshlardan biri Enco Krivelli "dubl" qayd etdi. Bunga anqaraliklardan Aydin Karabulut chiroyli goli bilan javob qaytardi. Ushbu natijaga ko'ra, "Bashakshehir" 5-o'ringa ko'tarildi. Aykan Atik shogirdlari esa, autsayderga aylanishdi.


MUSOBAQA JADVALI



Xondamir Hakimov tayyorladi

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia