Tungi arxiv. #5 - Zinedin Zidan

7 dek 2015, 22:20
Moziy yulduzlari haqida qisqacha to'xtalib o'tamiz.


Bu galgi qahramonimiz futbol afsonasi Zinedin Zidan bo'ladi.


Zinedin Zidan haqida qisqacha ma'lumot:

Tug'ilgan sanasi: 1972 yil, 23 iyun.
Tug'ilgan joyi: Fransiya, Marsel shahri.
Bo'yi: 185 sm
Poziciyasi: yarim himoyachi
O'ynagan jamoalari: "Kann" (1988-1992), "Bordo" (1992-1996), "Yuventus" (1996-2001), "Real" (2001-2006)
Murabbiylik faoliyati: "Real Madrid Kastilya" (2014-...)



Zinedin Zidan jahon futbolida o'z nomiga ega kam sonli futbolchilardan biri hisoblanadi. Zidan o'z faoliyati davomida juda katta yutuqlarga erishgan. Zidan professional futbolchilik faoliyatini Fransiyaning "Kann" jamoasida boshlagan.
Bu jamoada Zidan futbolchi sifatida ulg'aygan bo'lsa, oradan to'rt yil o'tib "Bordo"ga o'tadi va bu jamoada Zidan futbolchi sifatida yanada shakllanadi. Zidan Fransiya chempionatidagi 8 yillik faoliyatidan so'ng Italiya grandi "Yuventus"ga yo'l oladi. Zinedin Zidan Turindagi faoliyati davomida yuksak darajadagi mahorat sohibi ekanligini ko'rsatdi va aynan "Yuve"da Zidan yanada yangi pog'onaga chiqishga muvaffaq bo'ladi. "Yuventus"dagi ishtiroklari orqali Zidan jahon futboli yulduzi darajasiga chiqadi.


Zinedin Zidan 1998 yilgi Jahon chempionatida Fransiya terma jamoasi bilan katta muvaffaqiyat qozonadi. Mundial finalida Fransiya terma jamoasi Braziliya bilan duch keladi. Finalda qahramonimiz Zidanning qahramonligi evaziga Fransiya Braziliyani mag'lub etadi va Jahon chempioni nomini qo'lga kiritadi.


Zidan esa aynan o'sha yilda ilk bor "Oltin to'p" sohibiga aylanadi.

Zidan bu muvaffaqiyatlar bilan to'xtab qolmaydi. Qahramonimiz jahon chempionligi va jahonning eng yaxshi futbolchisi bo'lganidan so'ng Fransiya terma jamoasi bilan Yevropa chempionatida ham zafar quchadi.
Evro-2000da Zidan yetakchiligidagi francuzlar finalda Italiyani mag'lub etishni uddasidan chiqishadi. Terma jamoaning bu muvaffaqiyatida Zidanning xizmatlari juda katta bo'lgan.



Zidan Fransiya terma jamoasi safidagi eng sermahsul mavsumini aynan JCH-1998 hamda Evro-2000da o'tkazgan.

"Yuventus" bilan Italiyada, UEFA kubogi, qitalararo musobaqasida zafar quchgan va "Oltin to'p"ni ikki marta qo'lga kiritgan Zidan keyingi faoliyatini Madridning "Real" klubi bilan bog'laydi. "Real" jahon darajasiga ko'tarilgan Zizuni juda katta pullar evaziga sotib oladi va bu transfer amalda o'zini oqlaydi.


Sababi, Zidan "Real"ga Ispaniya chempionatida g'olib bo'lish va Yevropa chempionlar ligasini qo'lga kiritilishida juda muhim rolni o'ynaydi. Yevropa chempionlar ligasi finalida "Bayer" darvozasiga kiritgan fantastik gol yakunda "Real"ga bosh sovrinni olib beradi.

Zidan "Real"da besh mavsum to'p tepganidan so'ng nihoyat butsalarini mihga ilishga qaror qiladi. "Real" bilan deyarli barcha sovrinlarga ega chiqqan Zizu JCH-2006dan so'ng faoliyatini tugatishga qaror qilganini ma'lum qiladi.

Zidanning futbolchilik faoliyatidagi finishi eng yirik musobaqa finaliga to'g'ri keladi. Germaniyada o'tgan mundial finaliga yo'l olgan Fransiya hal qiluvchi bahsda Italiyaga qarshi saf tortadi.

Finalda esa bosh qahramon Zizu bo'ladi. Finalda penaltidan hisobni ochgan Zinedin Zidan Fransiyani oldinga olib chiqadi. Biroq Italiya himoyachisi Marko Materacci burchak zarbasidan so'ng muvozanatni tiklaydi va asosiy vaqtda g'olib nomi aniqlanmaydi.
Qo'shimcha taymlarda esa final qahramoni bo'lib turgan ikki futbolchi Zinedin Zidan va Marko Materacci o'zaro tortishib qolishadi. Zinedin Zidan esa Italiya terma jamoasi himoyachisi Marko Materaccini ko'kragiga "kalla" qo'yadi. Zizuning futbolchilik faoliyatidagi so'nggi nuqtasi finaldagi qizil kartochka va "kalla" qo'ygani bilan esda qoladi. Bir kishi kam bo'lib qolgan Fransiya esa yakunda penaltilar seriyasida Italiyaga imkoniyatni boy beradi.

Zidan esa faoliyatini aynan shu notada yakunlab juda katta shov-shuvga sabab bo'ladi.

Zidan bir so'z bilan aytganda futbol olamida juda katta shaxs. Zizu erishgan yutuqlar, sovrinlarga erishishni har qanday futbolchi orzu qiladi.

Zidanning to'p bilan muomalada bo'lish sanati, o'zgacha did bilan harakatlanishi va fantastik texnikasini har qanday ishqiboz sog'inadi.



Erishgan yutuqlari:

- "Intertoto" kubogi (1995)
- Italiya chempioni (1997, 1998)
- Qitalararo kubogi sohibi (1996, 2002)
- Italiya superkubogi (1997)
- UEFA superkubogi (1996, 2002)
- Ispaniya chempioni (2003)
- Ispaniya superkubogi (2001, 2003)
- Yevropa chempionlar ligasi g'olibi (2002)
- Jahon chempioni (1998)
- Yevropa chempioni (2000)
- Qirol Hassan kubogi sohibi (1998, 2000)



Zinedin Zidanning shaxsiy yutuqlari:

- "Oltin to'p" sohibi (1998, 2000, 2003)
- Yevropaning eng yaxshi futbolchisi (1998)
- Jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisi (2006)
- UEFAning so'nggi 50 yillikdagi eng yaxshi futbolchisi (2004)
- Fransiyaning eng yaxshi yosh futbolchisi (1993)
- Italiya chempionatining eng yaxshi legioneri (1997, 2000, 2001)
- Ispaniya chempionatining eng yaxshi legioneri (2002)
- Fransiyaning eng yaxshi futbolchisi (1998, 2002)
- Jahonning eng yaxshi pleymekeri (2006)



Bu esa 43-yoshli Zinedin Zidan. Qahramonimiz hozirgi paytda "Real"ning yoshlar jamoasi "Kastilya"ni boshqarib bormoqda


Tungi arxiv. #1 - Gabriel Batistuta

Tungi arxiv. #2 - Yap Stam

Tungi arxiv. #3 - Valderrama

Tungi arxiv. #4 - Mirjalol Qosimov


O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia