Suriya futbol assotsiatsiyasi spirtli ichimlik istemol qilishda ayblangan hakamni himoya qilib chiqdi

Sherzod Nurmatov
27 noya 2026, 14:55
Suriya futbol assotsiatsiyasi Hakamlar qo'mitasi 25 noyabr kuni OFK Chempionlar Ligasi 2 doirasida BAAning "Al Jazira" hamda Eronning "Gol Gohar" jamoalari o'rtasidagi o'yinda (1:0) yuz bergan mojaro yuzasidan bayonot berdi.

Qo'mita Eron klubi vakillari tomonidan o'yindan oldin spirtli ichimlik istemol qilishda ayblangan FIFA hakami Hanna Hattabni to'liq qo'llab-quvvatlashini bildirdi.

Hattabning o'zi qo'mita rahbarlari bilan suhbatda ayblovlarni qatiyan rad etgan. Suriya futbol assotsiatsiyasi Osiyo futbol konfederatsiyasiga murojaat qilib, tibbiy xulosa, o'yin komissari va inspektorining raportlarini taqdim etishni so'radi. Ushbu hujjatlar olingach, qo'mita tekshiruv natijalarini e'lon qilish niyatida.

Hakamlar qo'mitasi raisi Muhammad Al G'adri “Annahar” nashriga bergan intervyusida hakamning ahvoli yaxshilanganini ma'lum qildi.

Tanaffusda hamyurtining o'rnini egallagan o'sha uchrashuvning zaxira hakami Ammar Abu Alu ham Hattabni himoya qilib chiqdi.

"Hattab spirtli ichimlik istemol qilmagan. U charchagan ko'rinardi, qon bosimi keskin tushib ketdi", – deya Abu Aluning so'zlaridan iqtibos keltirdi AFP.

Agentlikning Osiyo futbol tuzilmalaridagi manbasiga ko'ra, Hattabga "Al Jazira" shifokorlari tibbiy yordam ko'rsatishgan va maydonda hakamlikni davom ettirmaslikni tavsiya qilishgan.

O'monlik jurnalist Issa Said esa biroz boshqacha taxminni ilgari surdi. Uning ma'lumotlariga ko'ra, hakamning diqqatini yo'qotishiga qondagi qand miqdorining keskin pasayib ketishi sabab bo'lgan. Jurnalistning takidlashicha, o'yindan so'ng o'tkazilgan tibbiy ko'rik spirtli ichimlikdan mastlik holatini tasdiqlamagan.

Eslatib o'tamiz, uchrashuvning 32-daqiqasida Hattab maydon markazida jamoadoshi tomonidan sodir etilgan qoidabuzarlik uchun adashib "Al Jazira" darvozaboni Ersin Destanogluga sariq kartochka ko'rsatgan, bir necha daqiqadan so'ng esa uni bekor qilgan edi. Bundan so'ng "Gol Gohar" vakillari norozilik bildirib, agar Hattab o'yinni boshqarishda davom etsa, jamoa ikkinchi bo'limga chiqmasligi bilan tahdid qilishgan. Tanaffusda bosh hakam va zaxira hakami o'rin almashishgan.

Rasmiy tibbiy xulosa hozircha e'lon qilinmagan.

O'xshash yangiliklar

Sherzod NurmatovMuallif
Manba: sfa.sy