

Aynan shu savol bilan barcha jamoa vakillariga murojaat qildik va quyidagi javoblarni oldik.
Amaldagi chempion va kubok sohibi "Lokomotiv"ning oldiga shubhasiz chempionlik va kubokni o'zida saqlab qolish vazifasi qo'yilgan. Ular yangi mavsumda Superligada ham chempion bo'lishni maqsad qilishgan.

"Paxtakor" jamoasi oldiga ham chempion bo'lish vazifasi qo'yilgan. Jamoa Superligada faqat va faqat chempionlik uchun kurashadi.

"Neftchi" matbuot xizmati bilan bog'langanimizda, klub rahbariyati joriy mavsumda jamoa oldiga chempionlikni maqsad qilib qo'yganini alohida ta'kidladi. "Neftchi" so'nggi 4-5 yillar ichida yo'qotilgan imijini tiklash maqsadida yangi mavsumda katta marrani ko'zlayotgani aytildi. Shu boisdan jamoa o'z oldiga eng maksimal vazifani belgilab olgani ma'lum qilindi.

"Bunyodkor" oldiga aniq vazifa qo'yilmagan. Ammo "qaldirg'ochlar" har qanday holatda doim oliy maqsadlar sari kurash olib borishlarini jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov alohida ta'kidladi. "Bunyodkor" hujumkor, muxlislarga yoqadigan tajovuzkor futbol namoyish etishni maqsad qilgan. "Qaldirg'ochlar"ning asosiy maqsadi muxlislarni stadionga qaytarish. Va albatta sovrinli o'rinlar, yani OCHLga yo'llanma beruvchi pog'onalardan birini egallashni jamoa maqsad qilgan. Shuningdek, jamoa kelajakdagi poydevorni mustahkamlash uchun ko'proq yoshlarga e'tibor qaratishni rejalashtirgan.

"Nasaf" oldiga aniq vazifa qo'yilmagan. Lekin "ajdarlar" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev jamoa doim yuqori o'rinlar, yani sovrindor bo'lish uchun kurash olib borishini ma'lum qildi. Shuningdek, jamoa joriy mavsumda tarkibdagi yoshlarga ko'proq e'tibor qaratishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygani takidlandi.

"Qo'qon-1912" jamoasi bosh murabbiyi No'mon Hasanov Superligada chempionlik uchun kurash olib borishlarini e'lon qildi. Jamoa falsafasi - har bir o'yinda faqat g'alaba qozonish.

"Navbahor" jamoasi rahbariyati Superligada "lochinlar" chempionlik uchun kurash olib borishini e'lon qilishdi.

"Buxoro" jamoasi esa yangi mavsumda raqobatbardosh jamoaga aylanmoqchi. Ulug'bek Baqoev Superligadagi har bir uchrashuvga faqat g'alaba uchun kurashishni maqsad qilgan.

"Metallurg" jamoasi oldiga aniq vazifa belgilanmagan. Yangi qurilayotgan jamoa imkon qadar yaxshi futbol ko'rsatgan holda kuchli-oltilikka kirishga urinib ko'rmoqchi.

AGMK klubi Superligada sovrinli o'rinlar uchun kurashishni maqsad qilgan. Viktor Kumikov boshchiligidagi jamoa yuqori to'rttalikdagi jamoalarga munosib raqobat tug'dirishga urinib ko'radi.

"Qizilqum" esa yangi mavsumda kuchli-oltilikka kirishni o'z oldiga vazifa qilib belgilaganini jamoa bosh murabbiyi Hamid Aktamov ma'lum qildi.

Jizzaxning "So'g'diyona" jamoasi esa Superligada 6-o'rinni egallash uchun kurashmoqchi.

Demak quyida Superliga jamoalari oldiga qanday vazifa va maqsad qo'ygani bilan tanishib chiqishingiz mumkin:
"Lokomotiv" - Chempionlik
"Bunyodkor" - Sovrinli o'rinlar
"Paxtakor" - Chempionlik
"Nasaf" - Sovrinli o'rinlar
"Navbahor" - Chempionlik
"Neftchi" - Chempionlik
"Qo'qon-1912" - Chempionlik
"Buxoro" - Raqobatbardosh jamoa shakllantirish
"Qizilqum" - Kuchli-oltilik
"So'g'diyona" - 6-o'rin uchun kurashadi
"Metallurg" - Vazifa yo'q. Maqsad kuchli-oltilikka kirish
AGMK - Sovrinli o'rinlar uchun kurashadi



