

Mazkur so'rovnomada PEPSI Superliganing 12 ta klubi bosh murabbiylari va sardorlari ishtirok etdi. Muxlislar ovozi esa PFL rasmiy saytida o'tkazilgan so'rovnoma orqali qabul qilindi.
Ortda qolgan avgust oyida 3 ta tur uchrashuvlari bo'lib o'tdi. O'tkazilgan 20-21-22-turlar davomida bir qator futbolchilar raqib darvozasini chiroyli tarzda ishg'ol etib, muxlis-u mutaxassislar olqishlariga sazovor bo'lishdi.
O'tkazilgan so'rovnoma yakunlariga ko'ra, “Buxoro” jamoasi a'zosi Sanat Shixov eng ko'p ochko jamg'arishga muvaffaq bo'ldi. “Metallurg” darvozasini qoyilmaqom tarzda ishg'ol etgan Shixovni 7 nafar murabbiy va sardor 1-o'ringa loyiq ko'rdi. Qolaversa, muxlislar ichida ham eng ko'p ovozni Sanat Shixov oldi. Shu tariqa, yakunda mazkur futbolchi 41 ochko jamg'argan holda oyning eng chiroyli goli muallifi deb topildi.



