Superliga: Aprel oyining eng yaxshilari mukofotlarini qabul qilishdi

Narzulla Saydullayev
23 may 2018, 15:32
Oy boshida Superliganing 12 ta klubi bosh murabbiylari, sardorlari hamda futbol muxlislari ovoz berish orqali aniqlab boradigan “Oyning eng yaxshilari” tanlovining aprel oyi g'oliblarini e'lon qilgan edik.

Kechagi tur doiralarida g'oliblar o'z sovg'alarini qabul qilib olishdi.

Eng chiroyli gol muallifi - Elguja Grigalashvili (“Qizilqum”).

12-tur doirasida “Lokomotiv” – “Qizilqum” jamoalarining uchrashuvi chog'ida Grigalashvili maxsus sovrin bilan taqdirlandi. Uning jamoadoshlari esa yetakchi klubga qarshi safarda to'p surishlariga qaramay, o'yinning so'nggi soniyalarida g'alabani boy bersalarda, durang natijani qayd etib, Elgujaning sovrinini “yuvishdi”.



Eng yaxshi darvozabon - O'tkir Yusupov (“Qo'qon-1912”).

Kecha Qo'qonda “Buxoro”ga qarshi o'yin oldidan klub rahbariyati O'tkirni maxsus sovrin bilan tantanali ravishda taqdirladi. O'tkir uchrashuvda ham raqiblarning bir necha xavfli vaziyatlarini bartaraf etishga erishdi, biroq omad shu kuni buxoroliklarga kulib boqqandi.


Eng yaxshi murabbiy - Ulug'bek Baqoev (“Buxoro”)

Qo'qondagi o'yin Ulug'bek uchun ikki karra quvonchli keldi. Uchrashuv boshida o'ziga atlagan Oy lauraeti sovrinini qabul qilib oldi, uchrashuv so'nggida esa shogirdlarining umumiy sovg'asiga sazovor bo'ldi. Omad bir kelsa kelaverar ekan.


Eng yaxshi futbolchi - Arslonmurod Omonov (“Buxoro”)

Yuqoridagi so'zlarimiz Arslonmurodga ham tegishli. Oyning eng yaxshilariga atalgan sovrinni qo'lga qabul qilsang, safarda raqiblar ustidan zafar quchsang, kamiga ikkita goldan biriga mualliflik qilib, jamoadoshlaring muvaffaqiyatiga hissa qo'shsang. Futbolchiga bundan ortiq yana nima kerak.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfl.uz