Sunnatillo Ermatov: "Jamoamizning bor e'tibori Superliga yo'llanmasiga qaratilgan"

Narzulla Saydullayev
14 avg 2020, 11:08
Xabaringiz bor, ayni damda PRO-Liga o'yinlari vaqtincha to'xtatilgan. Yuzaga kelgan tanaffus vaqtida saytimiz muxbirlari mazkur chempionat ishtirokchi jamoalari a'zolari bilan intervyular tashkil etishmoqda.

Quyida Yaypanning "Turon" klubi tajribali yarim himoyachisi Sunnatillo Ermatov bilan o'tkazilgan intervyuning to'liq matni bilan tanishishingiz mumkin.

- Sunnatillo, futbolga kirib kelishingiz qanday bo'lgan?

- Futbolga bolaligimdan qiziqardim, o'shandayoq kelajakda futbolchi bo'lishni orzu qilardim. 7 yoshligimda onam Otabek G'ulomxo'jaev boshchiligidagi futbol maktabiga olib borgandilar. Shundan beri futbol bilan shug'ullanib kelayapman.

- Bugunga qadar qaysi jamoalar safida o'ynagansiz?

- Hozirga qadar "Metallurg", "Obod", "Neftchi", “Andijon”, "Cementchi" jamoalarida o'ynadim. Ayni damda "Turon"daman. Bu yerda futbolchilarga yaratilgan sharoitlar a'lo darajada, mavsum yakunida Superliga yo'llanmasini qo'lga kiritishimizga umid qilaman.

- "Turon" klubiga kelib qo'shilishingiz qanday yuz berdi?

- "Turon"ga meni jamoamiz posboni Akmal Ortiqov tavsiya qilgan. Kelib ko'rikdan o'tdim, o'yinlarim murabbiylarga maqul keldi va sharnoma tuzdik. Yuqorida aytganimdek, bu klubda yaratilgan sharoit meni qoniqtirmoqda.



- Bilamiz, siz hujumkor yarim himoyachisiz. Bu ampulada avvaldan o'ynab kelasizmi?

- Futbolga dastlab kirib kelganimdayoq shu poziciyaga moslashganman. Jamoada o'ynaydigan nuqtam o'zimga maqul keladi, boshqa ampulada o'zimni sinab ko'rmaganman.

- Futbolchilik faoliyatingiz davomida qaysi o'yin eng yorqin va esda qolgan uchrashuv bo'lgan?

- Ha, bunday uchrashuv bo'lgan. "Metallurg" safidagi debyut uchrashuvimni yaxshi xotirlayman. Bilasizmi, o'shanda "So'g'diyona"ga qarshi o'ynagandik va men ilk o'yinimdayoq gol urishga muvaffaq bo'lgandim.

- Sizningcha, ayni damda PRO-Liganing eng kuchli futbolchisi kim?
- Shaxsiy fikrimcha, PRO-Ligada ishtirok etayotgan futbolchilar orasida "Neftchi"ning tajribali yarim himoyachisi Mansur Saidov eng kuchlisi deb o'ylayman. Unga qarshi o'ynash har doim oson bo'lmagan, bundan tashqari futbolda ulkan tajribasi bor.

- Xuddi shu savolni O'zbekistonda deb so'rasakchi?

- Shubhasiz terma jamoamiz sardori Odil Ahmedov hozirgi kunda eng kuchlisi.



- Futbolda yaqin do'stlaringiz bormi? Qaysi futbolchilar bilan yaqin do'stsiz?

- Futbolda do'stlarim ko'p, qaysi jamoada o'ynasam futbolchilar bilan tez chiqishib ketaman. "Turon"da ham barcha futbolchilar bilan munosabatimiz a'lo darajada.

- Qaysi xorij klublariga muxlislik qilasiz?

- Kataloniyaning "Barselona" klubi muxlisiman va o'yinlarini muntazam kuzatib boraman.

- Kelajakdagi maqsadlaringiz va muxlislarga tilaklaringiz...
- Yaqin kelajakdagi maqsadim "Turon" bilan Superligiga yo'llanmasiga ega chiqish. Hozirgi kunda jamoamizning bor e'tibori ana shu maqsadga qaratilgan.
Jamoamiz muxlislariga har doim bizni qo'llab-quvvatlashdan charchamasliklarini tilayman, biz hamisha ular uchun maydonga chiqamiz. Nasib bo'lsa mavsum yakunida Superliga yo'llanmasini birgalikda nishonlaymiz.


Bekzod Tolibov suhbatlashdi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia