Siqilma mehmondir tanangda bu jon ham... O'zbekiston kubogida nimalar bo'lmoqda?

Narzulla Saydullayev
26 iyun 2025
"Paxtakor" va "Navbahor" ehtiyot bo'lsin.

O'zbekiston kubogi nimchorak finali doirasidagi o'yinlar davom ettirilmoqda.

Bunga qadar 8 ta uchrashuvning 6 tasi ortda qoldi. 2 iyul kuni so'nggi ikki chorak finalchi ma'lum bo'ladi.

Bu yilgi musobaqada favorit deb hisoblangan jamoalar muddatdan avval kubok uchun kurashda chiqishi bilan yodda qolmoqda.

Kubokning amaldagi sohibi "Andijon" klubi guruh bosqichidayoq o'z yurishini to'xtatdi. "Lochin"dan uchralgan mag'lubiyatdan keyin hattoki "Andijon" ustozi Aleksandr Xomyakov iste'foga chiqarildi.

"Burgutlar" bilan bir guruhda bo'lgan Termizning "Surxon" klubi ham "Lochin"ga yutqazib qo'ydi va keyingi bosqichga chiqa olmadi. Yodingizda bo'lsa o'tgan yil "Surxon" kubok yarim finaliga qadar yetib borgan va penaltilar seriyasidagina "Andijon"ga yutqazib qo'ygandi.




Ro'ziqul Berdiev boshchiligidagi "Nasaf" esa "Paxtakor" va OKMK joy olgan "o'lim guruhi"dan chiqa olmadi. Shu tariqa, Qarshi klubi ketma-ket ikkinchi yil guruhda qolib ketdi.

Nimchorak finalda eng kuchli tarkibga ega bo'lgan "Neftchi" o'z maydonida Muborakning "Mashal" klubiga sensacion tarzda yutqazib qo'ydi va ketma-ket 8-mavsum chorak finalga chiqa olmadi.

2018 yilgi mamlakat kubogi sohibi Olmaliqning OKMK klubi kecha o'z stadionida "Buxoro"ga qarshi maydonga tushdi va 1:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo'ydi. Qizig'i aynan "Buxoro" Qosimov shogirdlarini o'tgan yil guruh bosqichida qolib kyetishlariga sabab bo'lgandi.




Oldinda nimchorak finalning yana ikkita uchrashuvi bor: "Paxtakor" - "Olimpik MobiUZ" va "Xorazm" - "Navbahor".

Xo'sh, sizningcha o'yinlarda qaysi klublar favorit?


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia