Superliga qaytmoqda. "Bunyodkor" "Nasaf"ga yutqazmaydi (mi?)

Iskandarov Abdulaziz
14 iyul 2026, 16:47
Ertadan boshlab O'zbekistonda ichki chempionat uchrashuvlariga restart beriladi.

Oldindagi turda bir nechta qiziqarli to'qnashuvlar o'rin olgan. O'zbek futbolida shunday to'qnashuvlar borki, ularda turnir jadvalidagi o'rinlar, tarkibdagi yo'qotishlar yoki moliyaviy holat ikkinchi planga o'tib ketadi. Bu shunchaki 90 daqiqalik o'yin emas, balki principiallik va tarix jangidir. Ana shunday klassik raqobatlardan biri shubhasiz "Bunyodkor" hamda "Nasaf" o'rtasidagi uchrashuvdir.

Ko'pchilikning ichki hissiyoti bir narsani aytmoqda: Bu safar ham "Bunyodkor" raqibidan ochko tortib oladi. Xo'sh, bu ishonch qayerdan paydo bo'lgan va raqamlar bunga qanday izoh beradi?

Bu ikki klub o'rtasidagi keskinlik kuni kecha yoki bugun paydo bo'lib qolgani yo'q. Uning olovli ildizlari o'zbek futbolining eng shiddatli davrlaridan biri bo'lgan 2011 yillarga borib taqaladi. O'sha vaqtlarda ikki grand nafaqat milliy chempionatda, balki O'zbekiston Kubogining hal qiluvchi pallalarida, yarim final va final bahslarida kuch sinashardi. Har bir uchrashuv drama, kutilmagan taktik yurishlar va maydondagi murosasiz kurash bilan tarixga muhrlanardi. Avlodlar almashdi, tarkiblar yangilandi, biroq o'sha yillardan qolgan raqobat ruhi hali ham tirik.

139699.jpg

Agar quruq hissiyotlardan chekinib, raqamlar tiliga yuzlansak, vaziyat yanada qiziqarli tus oladi. Shu kungacha Superliga doirasida bu jamoalar 38 marotaba to'qnash kelishgan va statistik ustunlik yaqqol poytaxtliklar tomonida. "Bunyodkor" o'z hisobiga 15 ta g'alabani yozib qo'ygan bo'lsa, "Nasaf" o'z tarixida atigi 7 ta bahsda 3 ochkolik bo'la olgan. Qaldirg'ochlar va Ajdarlar o'rtasidagi 16 ta o'yinda murosa ko'chasi tanlangan, to'plar nisbatidagi farq ham toshkentliklar foydasiga: 52 ga 38.

148021.jpg

"Bunyodkor"ning futbol olamida o'ziga xos fenomeni bor. Ular "Qo'qon-1912" yoki "Qizilqum" kabi turnir jadvalining pastki qismidagi jamoalarga kutilmaganda yutqazib, ochko ulashishi mumkin. Ammo raqib sifatida "Nasaf" maydonga chiqsa, jamoada mutlaqo boshqacha ichki kuch uyg'onadi. Tarkibda tajribasiz yoshlar bo'ladimi, klub inqirozli davrni boshdan kechiryaptimi - buning farqi yo'q. Xuddiki qafasdagi qaldirg'ochni ozodlikka chiqarib yuborgandek, ular maydonda boshqacha bir shiddat, boshqa o'yinlarda uchramaydigan olov va uchqun bilan harakat boshlaydilar. Ko'pincha "Nasaf" qog'ozda yaqqol favorit bo'lib maydonga chiqqan lahzalarda ham "Bunyodkor" bu ustunlikni yo'qqa chiqara olgan.

25.10.2022. "Nasaf" - "Bunyodkor" 1:1
17.04.2023. "Bunyodkor" - "Nasaf" 1:1
24.09.2023. "Nasaf" - "Bunyodkor" 0:1
13.05.2024. "Nasaf" - "Bunyodkor" 0:0
28.09.2024. "Bunyodkor" - "Nasaf" 2:2
10.05.2025. "Nasaf" - "Bunyodkor" 2:2
04.10.2025. "Bunyodkor" - "Nasaf" 2:2

Bu fikrlar shunchaki badiiy mubolag'a emas, balki so'nggi yillardagi real faktlar bilan isbotlangan. "Nasaf" oxirgi marotaba "Bunyodkor"ni 2022 yilgi mavsumda Toshkentda taslim etgan (4:1). Shundan so'ng o'tgan keyingi 7 ta o'yinning 6 tasida durang qayd etilib, birgina bahsda "Bunyodkor" zafar quchgan. 2022 yilning oktyabridagi 1:1 hisobidan boshlangan bu seriya, keyingi yillarda ham davom etdi. Qarshidagi 0:1 hisobidagi mag'lubiyat, 2024 yildagi golsiz durang va oxirgi uchta uchrashuvda qayd etilgan jangovar 2:2 natijalari Qarshi klubi uchun Toshkent jamoasi qanchalik noqulay raqibga aylanganini ko'rsatib turibdi.

Yana bir faktor, “Nasaf” bu mavsum safar o'yinlarida faqat bir marotba g'alabani o'ziniki qildi. “Ajdarlar”ning mehmondagi yagona 3 ochkosi 6 mart kuni “So'g'diyona” ustidan qo'lga kiritilgan. 

148022.jpg

Ayni paytdagi holat esa qarama-qarshilikka yangicha intriga taqdim etmoqda. Ilyos Zeytullaev boshchiligidagi "Bunyodkor" turnir jadvalida beshinchi o'rinda borayotgan bo'lsa, Ro'ziqul Berdiev jamoasi kutilmaganda to'qqizinchi o'ringa joylashgan. Jadvaldagi bu farq va "Bunyodkor"ning o'yin uslubidagi o'sish mezbonlarning imkoniyatlarini yanada oshiradi. Tarix, psixologik omil va jamoalarning bugungi ruhiy holati bir narsadan dalolat bermoqda: Ilyos Zeytullaev shogirdlari bu safar ham principial raqibga osonlikcha sovg'a taqdim etmaydi va maydonda haqiqiy "jang" tashkil qilib beradi.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia