Shirmonbuloq futboli

Narzulla Saydullayev
23 apr 2018
Mamlakatimizda futbolni rivojlantirish borasida ulkan islohotlar olib borilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Futbolni rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risidagi qarorini o'zlariga dasturilamal qilib olgan O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan zalvorli ishlarga qo'l urilyapti.

Bu yilgi mavsumda oliy va quyi liga chempionatlarimiz - Superliga va Pro-ligaga bo'lgan qiziqish ancha o'sdi. Ochig'ini tan olish kerak, ishqibozlarning futbolga qarashi ijobiy tomonga o'zgardi.

Ammo shuni unutmaslik kerakki, “Millionlar o'yini” rivoji uchun nafaqat futbolga daxldor tashkilotlar, balki barcha birdek hissa qo'shishikerak. Quvonarlisi, bu borada ham kunda-kunora saytlar orqali viloyatlarimizda bolalar o'rtasida birinchiliklar, mahalla yoshlari o'rtasida musobaqalar, tashkilot va korxonalar xodimlari o'rtasida turnirlar, faxriylar musobaqasi, boringki, har bir sohada futbol jamoalari tashkil qilinib, o'zaro bellashuvlar o'tkazilayotganini eshitib, futbolimiz kelajagiga ancha umid uyg'ondi.
Mubolag'asiz aytish mumkinki, xayrli ishga qo'l urib, qishloq ahlini sog'lom turmush tarziga targ'ib qilayotgan, yoshlarni turli yomon yo'llarga kirib kyetishning oldini olayotgan fidoyi insonlar ham ko'p.

Andijon viloyati Buloqboshi tumani Shirmonbuloq qishlog'ida ham “Giyohvandlikka qarshimiz” shiori ostida yoshlar va kattalar o'rtasida mini-futbol bo'yicha 20ga yaqin jamoa ishtirokida davraviy chempionat o'tkazib kelinmoqda. Tashkilotchilardan biri Sherzodbek Alibekov, bunday musobaqalarni muntazam ravishda yurtimizning barcha shahar, qishlog'ida, bir so'z bilan aytganda, har bir hududda o'tkazish o'zbek futbolining o'z o'rniga ega bo'lishi uchun asosiy omil bo'lib xizmat qilishini ta'kidlab o'tdi.
Albatta, bunday ezgu niyatlar ijobat bo'ladi. Shunday kichik turnirlar orqali dunyo yashil maydonlari talabi darajasidagi yulduzlar yetishib chiqsa, ajab emas!


Ahmadbek ESHMATOV



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia