

Bugundan chempionatimizda 14-tur uchrashuvlari boshlanadi. Hozircha ortda qolgan 13-turdan so'ng turnir jadvalida Paxtakor jamoasi yakka peshqadamlik qilyapti. Sherlar 13ta o'yinda 29 ochko jamg'arishga muvaffaq bo'lishdi. Ikkinchi o'rinni egallab turgan Bunyodkor hisobida esa 25 ochko bor.
Biz peshqadam jamoa himoyachisi Sherzod A'zamovdan intervyu oldik.
- Sherzod, O'zbekiston kubogi nimchorak finalida ortiqcha qiyinchilikka duch kelmadinglar. Nima deb o'ylaysiz, Iftixor shu darajada kuchsiz jamoa ekanmi?
- Men bunday demagan bo'lardim. Hisobga qarab xulosa chiqarish to'g'ri emas. Birinchi bo'limda mehmonlar kutilmaganda bizga jiddiy qarshilik ko'rsatishdi. Ikkinchi bo'limda esa Iftixor futbolchilarida jismoniy toliqish alomatlari ko'zga tashlanib qoldi. Biz esa bundan unumli foydalanib qoldik.
- Tajriba baribir o'z so'zini aytibdi-da...
- Murabbiylarimiz Bunyod-korga qarshi kechgan uchrashuvda maydonga tushmagan futbolchilarga o'yin amaliyotini taqdim etishdi. Birinchi bo'limda asosan yoshlar to'p surishdi. Ular o'zlari uchun berilgan imkoniyatdan unumli foydalanishdi, deb o'ylayman. Jamoamiz raqibdan har jabhada ustunlik qildi.
- Bundan xulosa qilish mumkinki, asosiy tarkibga kirish uchun raqobat kutilganidan ham kuchayibdida?
- Xuddi shunday. Hozir Paxtakorda ikkita teng kuchli tarkib shakllangan. Oldinda o'yinlar juda ham ko'p. Murabbiylar hammaga zarur o'yin amaliyotini taqdim etishadi. Bu juda muhim omil hisoblanadi.
- Tez orada kubok musobaqasining navbatdagi bosqichiga qur'a tashlanadi. Chorak finalda qaysi jamoa bilan tushishni istamasdinglar?
- Biz istalgan raqibga qarshi o'ynashga tayyormiz. Kubokning chorak finalida kuchsiz jamoaning o'zi qolmadi. Qolaversa, mazkur turnir chempionat bahslaridan keskin farq qiladi. Kubokni qo'lga kiritish orqali OCHL yo'llanmasiga ega bo'lish mumkin. Shunday ekan, barcha jamoalar bu imkoniyatdan maksimal darajada foydalanib qolish uchun astoydil harakat qilishadi.
- Bu savolni noqulay raqib nuqtayi nazaridan bergandim.
- Bilmadim. Bitta jamoani alohida ajratib ko'rsata olmayman. Hamma jamoa bilan o'ynab ko'rganmiz. Ularning imkoniyatlarini juda yaxshi bilamiz. O'z o'rnida raqiblar ham bizni yaxshigina o'rganib chiqishgan. Qolganini vaqt ko'rsatadi, qur'aning ko'zini ko'r deyishadi-ku!
- Nasafdan Paxtakorga o'tgan futbolchilar jamoaga to'liq moslashib ketishdimi yoki hali ham bu jarayon davom etyaptimi?
- Bu futbolchilar yosh, tajribasiz emas. Ular bir necha yildan beri katta futbolda. Shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, jamoaga moslashib ketishlari oson kechdi. To'g'ri, baribir, boshqa muhit, boshqa klub. Lekin ularga qadar ham Nasafdan Paxtakorga ko'chib o'tgan futbolchilar bor edi. Qaysidir manoda, bu borada ulardan hech qachon yordamimizni ayamaymiz.
- Paxtakordagi Sherzod A'zamov Nasafdagi Sherzod A'zamovdan farq qiladimi? Faoliyatingizda nima o'zgardi?
- Poytaxt jamoasiga ko'chib o'tish orqali futbolchilik faoliyatimda oldinga katta qadam tashladim, deb bemalol ayta olaman. Paxtakor shonli tarixga ega klub va uning a'zosi ekanimdan benihoya xursandman. O'yinimni takomillashtirib, kuchaytirib borishga harakat qilyapman. Bu borada katta tajribaga ega xorijlik murabbiylarimizdan ko'p narsa o'rganyapman.
- Shu kungacha siz birga ishlagan murabbiylar bilan Shota Arveladzeni ajratib turadigan qandaydir jihatlar bor ekanmi?
- Hamma murabbiyning o'z uslubi bo'ladi. Bir-biriga o'xshashi mumkin, lekin aslo takrorlamaydi. Arveladze o'ta talabchan, faoliyati davomida kuchli mutaxassislar bilan ishlagan. Tabiiyki, murabbiylik zaxirasi uchun boy tajriba to'plagan.
- O'sha siz aytgan va boshqalardan ajralib turadigan uslubi haqida gapirib bering. Mashg'ulotni qanday o'tkazadi?
- Bir vaqtning o'zida juda oddiy va shu bilan birga murakkab hamda qiziqarli. Bizga mashg'ulotlarda raqibdan har jabhada o'zib ketish kerakligini uqtiradi. Faqat shu yo'l bilan uni mag'lub etish mumkinligini aytadi. Yordamchilari ham o'z ishining ustalari, vazifalarini sid-qidildan bajarishadi. Xorij klublarida ishlaganliklari bilinib turadi. Jismoniy va taktik tayyorgarlikka alohida e'tibor qaratishadi.
- Nima deb o'ylaysiz, Paxtakor hozir o'zining eng yuqori sport formasiga chiqdimi yoki yanada kuchaya oladimi?
- Aniq ayta olamanki, bundan ham yaxshiroq o'ynashga qodirmiz. Hali o'zimizning yuz foizlik potencialimizni namoyish etganimiz yo'q. Buni ke-yingi o'yinlarda isbotlashga harakat qilamiz.
- Nasaf taqdiriga befarq emassiz. Klubda yuzaga kelgan vaziyatni kuzatib boryapsizmi?
- Ha, bolalar va klubdagilar bilan gaplashib turibmiz. Hozirgi yuzaga kelgan muammolar vaqtinchalik ekani, hali hammasi o'z iziga tushib ketishiga ishonaman. Xuddi shunday ishonch do'stlarimizda ham bor. Ular yaxshi kunlarni umid bilan kutishmoqda.
- Nasaf nima uchun bunday holatga tushib qoldi? Siz o'ynagan paytdayoq kamchiliklar sekin-asta bo'y ko'rsata boshlaganmidi?
- Biz o'ynagan paytda hech qanday muammo yo'q edi. Bilganim shu. Na-safda yuzaga kelgan vaziyatga mutasaddilar javob berishgani maqul. Bu borada ular bizdan ko'ra ko'proq ma'lumotga egalar.
- Paxtakor tarkibiga yana Nasaf futbolchilarining kelib qo'shilishi kutilyapti. Shaxsan siz kimni jamoada ko'rishni istardingiz?
- Nasaf tarkibida Paxtakorning o'yin uslubiga mos keladigan futbolchilar ko'p. Lekin ular orasidan qaysidir futbolchini alohida ko'rsatish mushkul. Kimnidir ajratib aytsam, qolgan do'stlarimiz xafa bo'lishlari mumkin. Bilganim shuki, hozirgi Nasafda o'ynayotgan futbolchilarning aksariyati Paxtakor tarkibida o'z o'rnini topa oladi.
- Qaysidir futbolchini ko'rsatib, Shu yigit jamoani kuchaytira oladi, uning imkoniyatlarini yaxshi bilaman, deya olasizmi? Hech bo'lmasa, bir kishining ism-sharifini ayting.
- Bunday futbolchi bor. Eng muhimi, u bir nafar emas. Lekin hammani jamoaga qo'shib olishning imkoni yo'q.
- Superliganing ortda qolgan o'yinlari haqida umumiy fikringiz kanday?
- Bir narsani aniq ayta olaman, Superliga hammaga birdek maqul kelmoqda. Muxlislar ham, futbolchilar ham birdek quvonishmoqda. O'n ikkita jamoaning hech biriga oson bo'layotgani yo'q. Har bir ochko qiyinchilik bilan qo'lga kiritilyapti. Istalgan o'yinda ochkosiz qolishingiz hech gap emas. Shunday uchrashuvlar amalda ham bo'ldi. Bu ijobiy jihatlari. Salbiy tomonlarini esa hozircha sezmadim.
- Ko'pchilikning fikricha, bu yil Paxtakor ortiqcha qiyinchiliksiz chempion bo'lar ekan. Bu yo'lda qaysi jamoa sizlarga qarshilik ko'rsatishi mumkin deb o'ylaysiz?
- Birinchi navbatda, chempionlik haqida gapirishga hali erta ekanligini aytmoqchiman. Birinchi bosqichdagi o'yinlar kuchli oltilikka kirish uchun kechyapti. O'z oldiga yuqori maqsadlarni qo'ygan jamoalar, avvalo, oltilikdan joy olishlari shart. Asosiy kurash esa aynan ikkinchi bosqichda bo'ladi. Biz hozirga qadar keragidan ortiq ochko yo'qotdik. Zimmamizga chempionlik vazifasi qo'yilgan ekan, demak qolgan o'yinlarda ochko yo'qotmasligimiz lozim. Shart desam ham bo'ladi. Hali Lokomotiv ham chempionlik poygasida jiddiy qarshilik ko'rsatishi mumkin. Shunday ekan, xotirjamlikka berilishga aslo haqqimiz yo'q.
- Nima deb o'ylaysiz, Olimpiya terma jamoamiz Osiyo o'yinlarida ham ijobiy natija qayd eta oladimi?
- Menimcha, jamoamizning chempion bo'lishi uchun barcha imkoniyatlar bor. Tajriba ham etarli. Omad tark etmasa, Indoneziyadan chempion sifatida qaytishadi.
- Barselona klubiga befarq emassiz. Jamoaning YCHLdagi muvaffaqiyatsiz ishtirokini qanday baholaysiz? Ko'pchilik Roma bilan o'yin shubhali edi degan fikrni bildirdi. Bu haqda nima deya olasiz?
- Barselona - Roma o'yini haqida fikr bildira olmayman. U yerda qanday voqea bo'lganini bu yerda turib biz bilmaymiz. Kataloniya grandi Valverde bilan kelasi mavsum ijobiy natija qayd eta oladimi? Yoki murabbiy ketishi kerakmi? Bu masalaga bizning javob berishga haqqimiz yo'q. Barselona dunyoning yetakchi jamoalaridan biri va u yerda barcha ishlar professional darajada yo'lga qo'yilgan.
Manba. "Interfutbol" gazetasi



