Shamil Iseev: "Talablar o'zbek futbolining rivojlanishiga xizmat qiladi"

Tolibjon Qosimov
22 dek 2017, 16:19
Superliga klublarida ishtirok etadigan futbolchilarning jismoniy holati O'zbekiston Futbol Federatsiyasi tomonidan tasdiqlangan test-sinovlari orqali nazorat qilib borilishi haqida avval xabar berib o'tgandik.

Shuni ham alohida takidlash kerakki, klub futbolchilarini O'zbekiston Futbol Federatsiyasi tomonidan bu kabi test-sinovlaridan o'tkazilishi o'zbek futbolida ilk marta amalga oshirilmoqda.

Mazkur test-sinovlari tizimi O'zbekiston Futbol Federatsiyasining Texnik rivojlantirish boshqarmasi ilmiy-metodik guruhi mutaxassislari pedagogika fanlari nomzodi, professor Shamil Iseev hamda professor Rahmon Nurimov tomonidan ishlab chiqilgan bo'lib, tasdiqlangan reja asosida mavsum davomida uch marotaba o'tkazilishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda Superligada ishtirok etuvchi klublar futbolchilaridan normativlarni qabul qilib olayotgan professor Shamil Iseev klublar oldiga qo'yilgan talablar haqida o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

“Milliy chempionatimizda ishtirok etuvchi futbolchilarning jismoniy holati O'zbekiston futbol federatsiyasi mutaxassislari tomonidan o'rganib chiqilgach, umumiy ahvol qoniqarsiz deb topildi. Futbolchilarning jismoniy holati 90 daqiqa yuqori tempda to'p surishga yaramaydi. Bu esa o'z o'rnida terma jamoalarimizga xalqaro uchrashuvlarda pand bermoqda. O'zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati saralash bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok eta olmadi. Xalqimiz uzoq vaqtdan beri terma jamoamizdan Jahon chempionati yo'llanmasini kutyapti.

Bu safar ham JCH yo'llanmasi orzuligicha qoldi. Mana shunday salbiy holatlarni bartaraf etish, milliy terma jamoalarimizga jismoniy jihatdan kuchli futbolchilarni tayyorlashni yo'lga qo'yish maqsadida O'zbekiston Futbol Federatsiyasi tomonidan milliy chempionatimizda ishtirok etuvchi futbolchilardan  normativlar qabul qilmoqda.


Ushbu normativlar birinchi navbatda klublar murabbiylari uchun yordam. Biz har har bir futbolchining jismoni holatini tekshirib, klub bosh murabbiyiga natijalarni taqdim qilmoqdamiz.

Normativlarni topshira olmayotgan futbolchilar uchun  murabbiylar individual tarzda dastur ishlab chiqib, ana shu dastur asosida mashg'ulotlarni belgilab berishadi.

Fevral oyida futbolchilardan yana bir marta normativlar qabul qilinadi. Test-sinovlaridan o'ta olmagan futbolchilar Superligada ishtirok eta olmaydi.

Normativlar haqida

Milliy chempionatimizda ishtirok etayotgan klublar futbolchilaridan olinayotgan normativlar 4ta bosqichdan iborat.

1. 30 metrga yugurish

2. Turgan joyidan uzunlikka sakrash

3. 7x50 metrga yugurish

4. "Yo-Yo" test

30 metrga yugurish.

Bu holatda futbolchilar 30 metr masofaga belgilangan vaqt oralig'ida yugurishlari kerak bo'ladi. Bunda futbolchilarning tezligi sinovdan o'tkaziladi. Barchaga yaxshi ma'lum, tezkorlik zamonaviy futbolning eng asosiy talablaridan biri. Ayniqsa, hujumchilar uchun tezlik birinchi o'rinda turadi.

Uzunlikka sakrash.

Uzunliikka sakrash orqali futbolchilarning jismoniy kuchi tekshiriladi. Ayniqsa, darvozabonlar uchun bu juda kerak. Futbolchilar belgilangan uzunlikka sakrashlari kerak

7 marta 50 metrga yugurish.

Bunda futbolchilarning tezligi va chidamkorligi sinovdan o'tadi. Futbolchilar 50 metr masofaga yugurib, yana ortga qaytishadi. Bu holat 7 marta takrorlanadi.

Yo-Yo test

Bunday normativ Yevropa klublarida ham mavjud bo'lib, futbolchilar 20 metr masofaga signal bo'yicha yugurishadi. Bunda tezkorlik, diqqatni jamlash, jismoniy kuch sinovdan o'tadi.

Barcha normativlar zamonaviy texnologiyalar yordamida olinayotganini ham ta'kidlab o'tish kerak. Maxsus elektron xronometrlar futbolchilarning harakatini fiksaciya qilib, aniq  natijalarni chiqarib bermoqda.

Ayni paytda “Olmaliq”, “Mashal”, “Navbahor”, “Qo'qon”, “Cementchi” klublari futbolchilari normativlarni topshirishdi. Qolgan jamoalar quyidagi jadval asosida normativlar topshirishadi:

"Metallurg" - 25.12.2017
"Buxoro" - 25.12.2017
"Paxtakor" - 26.12.2017
"Bunyodkor" - 26.12.2017
"Qizilqum" - 27.12.2017
"Nasaf" - 28.12.2017
"Lokomotiv" - 29.12.2017

O'xshash yangiliklar


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: the-uff.com