Saudiya Arabistonida yashovchi o'zbekistonlik muxlisning dardlari

Narzulla Saydullayev
24 fev 2014, 13:00
25 fevral kuni Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichidan o'rin olgan birinchi o'yinini Saudiya Arabistonining “Al-Fath” klubiga qarshi o'tkazadi.
Osiyo chempionlar ligasida “Bunyodkor” qatorasiga 7-bor qatnashmoqda va uning ashaddiy muxlislari har qanday vaziyatda jamoani yolg'izlatib qo'yayotganlari yo'q!

2013 yilda Yaponiyaning “Sanfrechche Xiroshima” jamoasiga qarshi birinchi uchrashuvdan Tailanddagi o'yingacha bir tan-u, bir jon bo'lishdi. Bunday ko'rsatkich bilan har qanday jamoa ham faxrlana olmaydi.

Turkiya orqali Dammamga, so'ngra avtobuslarda Al Hasa shahriga jamoani qo'llab-quvvatlash uchun ko'plab muxlislar kelib 25 fevralni intizorlik bilan kutishmoqda.

Shu qatorda jamoaning xorijdagi muxlislari soni ham ortib bormoqda. Shulardan biri Saudiya Arabistonidan asli o'zbek bo'lgan Mirza Muhammad Hoshim Elsevar bo'ladi! Biz fursatdan foydalanib undan intervyu oldik.

- Avvalo sizga va yaqinlaringizga o'zbek futboliga befarq emasligingiz uchun tashakkur aytamiz. Qachondan beri futbolga qiziqasiz?

- Kechirasiz, men nimaga ota vatanim jamoasiga befarq bo'laman? Dunyoda eng zo'r muxlis bitta bo'lsa, o'sha men bo'laman! 1994 yildan beri O'zbekiston futbolini ko'rib kelaman, avvallari qiynalar edim, hozir internet bor, hammasi oson. Oldin “Pahtakor”, “Neftchi” bo'lar edi, shularni ko'rardik. Oxirgi yillarda “Bunyodkor” bizni ancha xursand qilyapti, mana hozir “Lokomotiv” chiqdi, bu juda yaxshi. “Nasaf” OFK kubogini olganida biz Jidda shahrida bayram qilgandik. Men hamma o'yinchilarni bilaman, hammasining rasmi bor.

- Xabarlarni internetdan tashqari yana qayerdan olasiz?
- Sputnik orqali ko'ramiz. O'zbek ko'rsatuvlarini, futbollarini tomosha qilamiz. Bizga “Tutash taqdirlar” seriali juda yoqdi! Yana “Dubaysport”, “Al Jazira Sport” hammasi bor!

- Sizga O'zbekistondan qaysi futbolchi yoqadi?
- Hammasini sevamiz, ko'proq Odil Ahmedov bilan Server Jeparovni. Faqat shu hozirgi yoshlarimiz qilayotgan ishni kattalar qilolmayapti shunga juda xafamiz.

- Jamoa yutug'i yoki mag'lubiyatidan so'ng nimalarni his qilasiz?
- Bilasizmi biz Saudiya Arabistonda yashaymiz, bu yerda hamkorlarimiz, qo'shnilarimiz arablar. O'zbekiston yoki “Bunyodkor”, “Paxtakor” qisqasi o'zbek jamoalari yutqazsa, jim yuramiz. Biz yutsak bu yerdagi arablar bizning oldimizda jim yurishadi (kuladi). Aslini olganda, sizlardan ko'ra biz juda qattiq xafa bo'lamiz, chunki biz vatan sog'inchida yashaymiz.

- Mirzo Hoshim aka, xudo xohlasa 25 fevral kuni “Bunyodkor” albatta sizni xursand qiladi! Balki, futbolchilar va o'zbek futboli muxlislariga biror tilagingiz bordur?
- Avval shu Odil Ahmedovga aytaman, mehnat qilishdan to'xtamasin. Sardor Rashidov ko'p ishlasin, to'p bilan yugurganda to'pni yo'qotmasin, shu kichkina Jamshid Iskandarov ozgina o'sib kuchini yana ko'paytirsa haqiqiy Xavi yoki Inesta bo'ladi. JCH-2014ga chiqolmadik. Shorahmedov ham ataylab qilmadi-ku, uni urishmayman, uning o'zi o'zini urishib bo'lgan!

Xudo xohlasa, 2018 yil Rossiyadagi mundialga chiqsak, albatta boraman. Ertaga “Bunyodkor”ga omad tilayman. Biz 20-30 muxlis o'yinga boramiz, Al-Ahsa bizdan 1400 kilometr uzoq. Samolyotda boramiz!

O'zbekiston har doim tinch bo'lsin, yurtboshimiz salomat bo'lsinlar. O'zbekistonda tinchlik bo'laversin!  U yerda bahor, yoz, kuz, qish hammasi o'z vaqtida keladi. Sizlar jannatda yashaysizlar, dunyoda bizning ona vatanimizdek joy yo'q!!! Futbolchilarga ayting, maydonga chiqqanida xuddi Ota-onasini, oilasini himoya qilayotgandek chiqsin!

Vatan bu - ota, Vatan bu - ona!!!


SHOVKAT IMOMOV
championat.asia uchun Dammam shahridan maxsus

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia