Rossiya U-20 ustozi Ivan Shabarov: "O'zbekistonlik ayrim futbolchilarni yorqin kelajak kutmoqda"

Sherzod Nurmatov
28 mar 2023, 14:39
Rossiya yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ivan Shabarov O'zbekiston bilan o'yindan keyin fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

- Sparring-raqib O'zbekistonning o'yiniga qanday baho berasiz?

- Yaxshi raqib. Bizni bu yerda iliq kutib olishdi. Ozroq moslashish kerak bo'ldi, chunki Minskda sintetik qoplama maydonda harakat qilganimiz uchun bu yerdagi maysaga o'rganish lozim edi. Yana bir muammo, ob-havo bilan bog'liq bo'ldi, sababi bu yerda issiq boshlangan. Minskda +4°, +5° edi va hatto qor ham yog'ib yuborgan. 

Bugun zaxirada 3 nafar futbolchimiz bor edi, ikkinchi jamoamiz Minskda Belarus bilan o'ynamoqda. Yigitlarga tasanno, borlarini ko'rsata olishmagan bo'lsa-da, natija yomon bo'lmadi. 

- O'zbekistonning o'yinini qanday baholaysiz?

- U-20 Osiyo Kubogidagi ayrim o'yinlarini ko'rgandik. Ular katta ish qilishdi. Oldingi chiziqda tezkor futbolchilar harakat qilishi, himoyada 5 nafar himoyachi o'ynashidan xabarimiz bor edi. O'zbekistonlik ayrim futbolchilarni yorqin kelajak kutmoqda. 

- Kimnidir ajratib ko'rsata olasizmi?

- Zaxiradan tushgan Asad Jo'raboev va 14-raqamli Abbos Fayzullaevning o'yinlari manzur keldi – tezkor va texnikasi yuqori. "Rubin"da o'ynayotgan Umarali Rahmonaliev ham chiroyli o'yin namoyish etyapti.

- Rossiya MTJ ustozi Valeriy Karpin O'zbekiston terma jamoasini Yevropadagi Sloveniya va Slovakiya darajasida ekanligi ta'kidladi. Siz O'zbekiston yoshlarini U-20 darajasidagi qaysi termalar bilan solishtira olasiz?

- Biz ko'p jamoalarga qarshi o'ynaganmiz. Turli yillarda har xil jamoa va futbolchilar paydo bo'lmoqda. Keyinchalik yangi darajaga ko'tarilishmoqda. Biz ko'p ham xalqaro o'rtoqlik o'yinlarida qatnasha olganimiz yo'q. Oxirgi marta bir yil oldin yig'ilgandik. Sankt-Peterburgda yig'ilganimizda, turli klublar bilan bahs olib borgandik. Terma bilan 2017 yilda o'ynaganmiz. Shuning uchun hozir javobingizga javo berishim qiyin. Ko'plab jamoalar siz singari 5-2-3 sxemasida harakat qilayotganini aytib o'tishim mumkin xolos.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia