"Real" Fran Garsiyani qo'yib yubormadi: futbolchi alohida shug'ullanishni so'ragan

Aslanov Jasurbek
3 fev 2026, 00:25
Madridning "Real" klubi himoyachisi Fran Garsiyaning "Bornmut"ga ijara asosida o'tishi amalga oshmay qoldi.

"The Athletic" nashrining xabar berishicha, "qirollik klubi" ushbu transferni bloklab qo'ygan.

26 yoshli ispaniyalik futbolchi APL klubini o'zi uchun etarli o'yin amaliyotiga ega bo'lish uchun yaxshi imkoniyat deb hisoblagan edi. U hatto Valdebebasdagi mashg'ulot bazasidagilarga ingliz klubiga o'tish ehtimoli juda yuqoriligini aytgan. Biroq Madrid klubi rahbariyati juma kuni uni qo'yib yubormaslikka qatiy qaror qilgan.

Vaziyat tafsilotlari:

- Transfer rad etilgach, Garsiya shanba kungi mashg'ulotni jamoadan alohida, individual tarzda o'tkazishni so'ragan.

- Klub bu iltimosni rad etdi. Natijada futbolchi OAV uchun ochiq bo'lgan dastlabki 15 daqiqani guruh bilan o'tkazdi, so'ngra mashg'ulotni mustaqil davom ettirdi.

- Ma'lum bo'lishicha, Garsiya transfer masalasida murabbiy Alvaro Arbeloa bilan ham gaplashgan.

- "Real"ning qishki transfer oynasidagi poziciyasi aniq: jamoadan Endrikdan boshqa hech kim qo'yib yuborilmaydi.

Fran Garsiyaning amaldagi shartnomasi 2027 yilgacha mo'ljallangan bo'lsa-da, u yozda ko'proq o'yin amaliyoti beradigan yangi jamoa topishga umid qilmoqda. Ma'lumot uchun, himoyachi joriy mavsum La Ligada 7 ta o'yinda maydonga tushib, 1 ta gol urishga erishdi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: The Athletic