Ravshan Haydarov: "Guliston" va "Qizilqum"ning imkoniyati teng"

Narzulla Saydullayev
3 noya 2013, 17:40
"Guliston" - "Dinamo" (0:2) uchrashuvidan so'ng mehmonlar ustozi Ravshan Haydarov o'yin haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
"O'yin jangovor ruhda o'tdi. Tezkor gol urganimiz bizga yordam berdi", - deb gap boshladi Ravshan Haydarov.

"Guliston" jamoasiga g'alaba zarur edi, shu bois ular oldinga o'tishga majbur edilar. Qarshi hujumlarda bir qator vaziyatlarga ega bo'lishdi, tan olish kerak omad biz tomonda edi. Alisher Shog'ulomov hisobni tenglashtirishi mumkin edi, darvozabonimiz o'zini ko'rsatdi. Ikkinchi bo'limda hisobda oldinda borganimiz uchun to'pni o'zimizda saqlab turib vaziyat bo'lishini kutdik. Bir qator vaziyatlardan shogirdlarim foydalana olishmadi. "Guliston" jamoasi kurashga chanqoqligi bilan ajralib turdi, futbolchilarga mahorat yetishmasligi mumkin, ammo o'yinga chanqoqligi, shijoati tufayli jamoaga xurmatim baland.

Rustam Qodirov va Xurshid Yo'ldoshev kabi tajribali o'yinchilar asosiy figuralar, oldinda esa yosh hujumchi Alisher Shog'ulomov agar o'z ustida ishlashda to'xtab qolmasa yaxshi hujumchi bo'lib yetishadi.

So'nggi turda "Guliston" va "Qizilqum" oliy ligada qolish uchun kurashishadi. Menimcha imkoniyatlarni teng deb bilaman. Kim o'sha kuni yaxshiroq tayyor bo'lsa, oliy ligada qolishni kim ko'proq istasa o'sha jamoa g'olib bo'ladi.


Enver Gafarov yozib oldi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia