PRO Liga. Timur Ismailov: "Xorazm" jamoasi muxlislariga minnatdorchilik bildiraman

Narzulla Saydullayev
9 avg 2020, 11:00
PRO Liga musobaqalari vaqtincha to'xtatilgan.

Yuzaga kelgan tanaffusdan foydalanib saytimiz muxbirlari PRO-Liga jamoalari futbolchilari bilan intervyular tashkil etishmoqda. Quyida Urganchning "Xorazm" klubi a'zosi Timur Ismailov bilan tashkil etilgan intervyuni e'tiboringizga havola etamiz.

- Timur, "Xorazm" jamoasi joriy mavsumda O'zbekiston kubogi musobaqasida 1 ta va PRO-Liganing 2 ta tur uchrashuvlarini o'tkazdi. Sizni ushbu o'yinlarda maydonga tushmadingiz, bunga sabab nima?


- Mavsum avvalida tashkil etilgan mashg'ulotlarda olgan jarohatim tufayli ushbu uchrashuvlarni o'tkazib yuborishga majbur bo'ldim. Ayni damda hammasi joyida, navbatdagi uchrashuvlarga to'liq tayyorman deb ayta olaman.

- Bizga ma'lum, siz futboldagi faoliyatingizni himoya chizig'ida boshlagansiz. Keyinchalik sizni hujumchi sifatida ko'rmoqdamiz. Buni qanday izohlaysiz?


- To'g'ri, dastlab himoya chizig'ida o'ynar edim. "Xorazm" jamoasining avvalgi murabbiyi Aleksandr Ejov meni ko'proq hujumchi ampulasida o'ynatgan. Shundan keyin o'zim ham hujum chizig'iga moslashib ketdim.

- "Xorazm" jamoasi hujum chizig'ida raqobat qanday?

- Nafaqat hujumda, balki jamoamizning har bir chizig'ida raqobat juda kuchli. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, o'yinlarga to'liq tayyor bo'lgan futbolchi maydonga tushadi.

- Kelajakdagi maqsadlaringiz qanday?


- Albatta, kelajakda "Xorazm" jamoasining g'alabalariga o'z hissamni qo'shish, o'yinlarimni yanada o'stirib, yaxshi natijalar ko'rsatish kabi maqsadlarim bor. Shu o'rinda jamoamiz muxlislariga bizni muntazam qo'llab-quvvatlab kelayotganliklari uchun minnatdorchilik bildiraman.



Timur Ibragimov yozib oldi

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia