O'zPFL vakili OFKning licenziyalash bo'yicha seminarida ishtirok etdi

Narzulla Saydullayev
23 sen 2022, 15:42
22-23 sentyabr kunlari Malayziya poytaxti Kuala Lumpurda Osiyo futbol konfederatsiyasining Licenziyalash bo'yicha seminari o'tkazildi.

Unda O'zPFL Klublarni licenziyalash va xalqaro aloqalar bo'limi boshlig'i Zoxirjon Akramxonov ishtirok etdi.

OFK tomonidan yangi tasdiqlangan Licenziyalash reglamentidagi o'zgarishlar, qita futbol konfederatsiyasining endilikda kuz-bahor tizimiga o'tayotgani va ushbu mavsum almashishining licenziyalashga ta’siri, licenziyalash talablarini kuchaytirgan holda ayollar va futzal musobaqalarini yanada takomillashtirish borasidagi yangiliklar seminar ishtirokchilariga tanishtirildi.

OFKning barcha a'zo mamlakatlari licenziyalash menejerlari qatnashgan seminarda ortda qolgan yilgi professional futbol klublarni licenziyalash sarhisobi amalga oshirildi. Yodingizda bo'lsa, 2021-yilgi licenziyalash yakunlariga ko'ra, 12 ta o'zbek klubi OFK licenziyasiga ega chiqqan edi. Licenziya olgan klublar soni bo'yicha O'zbekiston Yaponiya va Janubiy Koreyadan so'ng BAA bilan 3-pog'onani bo'lishib olgandi. Qolaversa, o'tgan yili qitada dastlabki 4 ta mamlakat qatorida O'zbekistonda ayollar jamoalarini ham licenziyalash jarayonidan o'tkazish yo'lga qo'yildi va Osiyodagi ilk ayollar jamoalari qatorida Jizzaxning “So'g'diyona-W” hamda Toshkentning “Bunyodkor-W” jamoalari OFK licenziyasini qo'lga kiritishdi. Seminarda 2021-yilgi yutuq va kamchiliklar muhokama qilinib, endilikda yangi mavsumdan e'tiboran ixtiyoriy ravishda futzal klublari ham licenziyalashga jalb etilishi ma'lum qilindi.

Ikki kun davom etgan seminarda ayni paytda OFKda faoliyat olib borayotgan o'zbekistonlik 3 nafar mutaxassislar Avazbek Beridiqulov, Sanjar Rizaev va Ahmed Tillaev ham hozir bo'lishdi. Avazbek Berdiqulov seminarning birinchi kunida OFK tashkil etadigan musobaqalar xususida taqdimot o'tkazdi. Sanjar Rizaev esa qita futbol konfederatsiyasi tomonidan yo'lga qo'yilgan rivojlanish dasturlari haqida seminar qatnashchilariga ma'lumot berdi.



O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfl.uz