O'zbekiston U-19 ayollar terma jamoasi tiklanish mashqlarini olib bordi

Narzulla Saydullayev
17 okt 2017, 08:20
Futbol bo'yicha O'zbekiston U-19 ayollar terma jamoasi Xitoyning Nankin shahrida davom etayotgan Osiyo chempionatida ishtirok etmoqda.

Terma jamoa a'zolari tiklanish mashqlarini bajarishdi. Xitoyga qarshi asosiy tarkibda maydonga tushgan futbolchilar engil mashg'ulot olib borishgan bo'lsa, qolgan futbolchilar odatiy ravishda mashqlarda qatnashishdi.

Takidlash kerakki, o'zbekistonlik futbolchi qizlar ilk o'yinda musobaqa mezboni Xitoy terma jamoasiga engilishgan bo'lsa-da, ular namoyish etgan o'yin ko'pchilikda ijobiy taassurot qoldirdi. Bu holatni kecha terma jamoa bosh murabbiyi Bahrom Norsafarov bilan suhbatlashish uchun delegaciya a'zolari istiqomat qilayotgan olimpiya shaharchasiga tashrif buyurgan Osiyo Futbol Konfederatsiyasi vakillari ham etirof etishdi.

OFk vakillari Bahrom Norsafarov bilan suhbatda qanday qilib qisqa muddat ichida O'zbekistonda ayollar futbolining saviyasi bu qadar oshgani, terma jamoa futbolchilarini muhim musobaqalarga ruhiy, jismoniy va taktik jihatdan tayyorlashda qanday chora-tadbirlar qo'llangani bilan qiziqishdi. O'z o'rnida, bosh murabbiy OFK rasmiylariga o'z tajribalari bilan o'rtoqlashdi hamda ayollar futbolini rivojlantirish borasida O'FF tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar haqida so'zlab berdi.

OFK vakillari O'zbekiston U-19 ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi bilan bir yarim soatdan ortiq davom etgan suhbat davomida tilga olingan muhim ma'lumotlar mintaqamizda ayollar futbolini rivojlantirishda muhim omillardan biri bo'lishini ta'kidlab o'tishdi.

O'zbekiston U-19 ayollar termasi bugun,  Shimoliy Koreyaga qarshi o'yin oldidan so'nggi mashg'ulotni o'tkazadi. O'yin 18 oktyabr, chorshanba  kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:00da boshlanadi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com