O'zbekiston OTJ Ispaniyadagi yig'in doirasida Shveytsariya klubi bilan nazorat uchrashuvi o'tkazdi

18 fev 2019, 00:19
O'zbekiston olimpiya terma jamoasi shu kunlarda Ispaniyaning San-Pedro-del-Pinatar shahrida o'quv mashg'ulot yig'ini o'tkazayotgani haqida avval xabar berib o'tgandik.

Bugun Lyubinko Drulovich shogirdlari "La Finca" stadionida Shveytsariyaning "Delemon" klubiga qarshi nazorat uchrashuvi o'tkazishdi. O'yin 2:2 hisobidagi durang bilan yakuniga etdi. Terma jamoamiz 0:2 hisobida ortda bora turib, keyin hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo'ldi.  O'zbekiston olimpiya terma jamoasi tarkibida gollarga Islom Qobilov va Bobur Abduxoliqovlar mualliflik qilishdi. Hisob tenglashgandan keyin ustunlik biz tomonga o'tdi. Ko'p vaziyatlarda terma jamoamiz a'zolari tomonidan uyushtirilgan xavfli hujumlar raqibni shoshirib qo'ydi. Shuningdek, hakam tomonidan "Delemon" klubi darvozasiga belgilangan penaltini golga aylantira olmaganimizni ham ta'kidlab o'tish zarur.

Endilikda 21 fevral kuni O'zbekiston olimpiya terma jamoasi "Lokomotiv Tbilisi" jamoasiga qarshi nazorat o'yini o'tkazadi, deya ma'lumot berdi O'FA matbuot xizmati.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston olimpiya terma jamoasi shu yilning mart oyida kelasi yil Taylandda bo'lib o'tadigan Osiyo chempionati saralashida qatnashadi. Saralash bahslari Toshkentda o'tkazilib, terma jamoamiz a'zolari Osiyo chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritish uchun Tojikiston, Hindiston va Pokiston terma jamoalariga qarshi bahs olib borishadi. 

O'xshash yangiliklar


Manba: ufa.uz