

Bu borada futboli rivojlangan mamlakatlar tajribasidan unumli foydalanish maqsadida bir qator Yevropa mamlakatlari futbol assotsiatsiyalari bilan yaqin hamkorlik yo'lga qo'yilganidan yaxshi xabardorsiz.
Yevropa futbolini yaqindan o'rganish, Yevropa futbol assotsiatsiyalari va kuchli jamoalari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida O'FA Yevropada o'z vakilini tayinlashga qaror qildi. Unga ko'ra Dilshod Ruzmetov O'zbekiston Futbol Assotsiatsiyasining Yevropadagi vakili etib tayinlandi.
O'zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi vakilining Yevropadagi asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo'ladi:
• Futbolchilar, murabbiylar, tibbiyot xodimlari va menedjerlar tayyorlashning (keyinchalik O'zbekistonda qo'llashga mo'ljallangan) zamonaviy Yevropa texnologiyasi va nazorati uslublarini o'zida aks ettirgan tajriba va ma'lumotlarni to'plash;
•Yevropa Futbol Federatsiyalarining O'zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi bilan hamkorlikka bo'lgan qiziqishlari haqidagi barcha ma'lumotlarni jamlash;
•O'zbek futbolining raqobatbardoshlik qobiliyatini oshirish va O'zbekiston terma jamoasi hamda professional klublarining nufuzli xalqaro musobaqalardagi natijalarini yaxshilash maqsadida, tajribali xorij ekspertlari va mutaxassislarini O'zbekistonda master klasslar o'tkazishga jalb qilish;
•O'zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi va xalqaro futbol tashkilotlarining o'zaro amaliy uchrashuvlarini tashkil etish ishlarida ishtirok etish.
Ma'lumot uchun Dilshod Ruzmetov 1979 yilda tug'ilgan. Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetida tahsil olgan. Xalqaro huquq bo'yicha bakalavr va magistr darajasiga ega. Shuningdek, Bremen (Germaniya) Universitetining Yevropa va Xalkaro huquq bo'yicha master darajali (LL.M.EUR) bitiruvchisi. O'zbek, rus, ingliz va nemis tillarini mukammal biladi.



