Otabek Shukurov: "Jahon chempionatida har bir futbolchi o'zini ko'rsatishni istaydi"

25 okt 2013, 13:49
BAA yashil maydonlarida bo'lib o'tayotgan o'smirlar o'rtasidagi jahon chempionati juda qizg'in davom etyapti.
Ushbu musobaqada “Mashal”ning uch nafar futbolchisi ishtirok etayotgani xususida oldin xabar berib o'tgandik. Kecha terma jamoamiz sardori Otabek Shukurov bilan uchrashib, jahon chempionatidan olayotgan taassurotlari borasida so'radik.

“Jahon chempionati hammamizga juda yoqpyati, - deydi Shukurov. – Har bir o'yinning saviyasi yuqori. Har bir uchrashuvda O'zbekistondan kelgan muxlislar bizni qo'llab turishibdi va bu bizga katta dalda bo'lmoqda. Umuman olganda, bu yerda o'zimizni begonadek his qilayotganimiz yo'q”.

“Menga har ikkala uchrashuv ham yoqdi. Ayniqsa, Marokash bilan kechgan bahs juda qiziqarli bo'ldi. Lekin birinchi o'yinda ko'proq qiynaldik, deb o'ylayman. Chunki mahalliy sharoitga moslashish sal qiyinroq kechdi. Hozir esa hammasiga ko'nikib bo'lganmiz”.

“Jahon chempionatida har bir futbolchi o'zini ko'rsatishni istaydi. Men ham bundan mustasno emasman. Turnirdagi asosiy maqsadimiz imkon qadar uzoqqa borish. Nasib qilsa, Vatanimizga yuqori o'rinlarni egallagan holda qaytamiz”.

Xayrulla Xoliqov suhbatlashdi


Manba: championat.asia