OFK bosh kotibi: Eron JCH-2026 da ishtirok etadi

Aslanov Jasurbek
17 mar 2026
Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK) bosh kotibi Vindzor Jon Eron terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionatidagi ishtiroki borasidagi mish-mishlarga chek qo'ydi.

Sport vazirining gaplari shunchaki hissiyotmidi?

Eslatib o'tamiz, avvalroq Eron sport vaziri mamlakatdagi siyosiy vaziyat sabab terma jamoa AQSHdagi mundialda ishtirok etmasligini aytgan edi. Ammo OFK rasmiysi bu ma'lumotni rad etdi:

"Eron terma jamoasi - bizning a'zomiz. Biz ularning o'ynashini xohlaymiz. Bizga ma'lum bo'lishicha, Eron musobaqada ishtirok etadi.

Hozir juda hissiyotlarga boy davr, hamma turli gaplarni gapirmoqda. Ammo yakunda ularning o'ynash yoki o'ynamasligini aynan Eron futbol federatsiyasi hal qilishi kerak. Bugungi kundagi holatga keladigan bo'lsak, federatsiya bizga Jahon chempionatiga borishlarini ma'lum qildi", - dedi Vindzor Jon.

Ma'lumot uchun, JCH-2026 turniri 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida bo'lib o'tadi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: ESPN