Neymarsiz PSJ “Barselona”ga qarshi, "Liverpul" oxirgi manzilga yetib keldimi? (prevyu)

16 fev 2021, 13:36
Evrofutbol ixlosmandlari kutgan kun keldi. Bugundan Yevropa Chempionlar Ligasi pley-off bosqich bahslari davom etadi.

16 fevral oqshomida 2 ta uchrashuvning guvohiga aylanishimiz mumkin. “Liverpul” Saksoniyada mehmon bo'lsa, “Barselona” o'z maydonida “Pari Sen-Jermen”ni qabul qiladi.

“Barselona” – PSJ

Mazkur jamoalar o'rtasida 2017 yilda o'tkazilgan o'yin (6:1) futbol tarixining eng yorqin sahifalaridan joy olgan edi. Oradan 4 yil o'tdi. PSJ yana Kataloniyaga safar uyushtirmoqda. Parijliklar o'sha mag'lubiyat uchun intiqom olishga harakat qilib ko'rishi tabiiy. Ammo, turnirning amaldagi finalchilari safida jamoa yetakchisi Neymar maydonga tusha olmaydi. Maurisio Pochettino, shuningdek, Bernat, Di Mariya, Dagba  va Pembele singari shogirdlarining xizmatidan foydalana olmaydi. “Ko'k-anorranglilar” tarkibida esa Koutino, Serxi Roberto, Fati va Arauxoning maydonga tushamasligi aniq. Pike va Breytveytning ham uchrashuvda ishtirok etishi so'roq ostida turibdi.

“Pari Sen-Jermen” ayni paytda Fransiya chempionatida 2-o'rinni egallab turibdi. Yetakchi “Lill” bilan oradagi farq 1 ochkoni tashkil qilmoqda. Parij klubi so'nggi bor 31 yanvar kuni “Loryan”ga imkoniyatni boy berib qo'ygan edi (2:3).

“Barselona” esa La Liga musobaqa jadvalida 3-o'rinni band qilib turibdi (46 ochko). 1-o'rindagi “Atletiko” katalonlarga nisbatan 1 ta kam o'yin o'tkazgan, ammo oradagi farq 8 ochkoni tashkil qilib turibdi. Ronald Kuman shogirdlari so'nggi bor 11 fevral kuni “Sevilya”ga mag'lub bo'lgan edi. Ispaniya kubogining yarim final bahsida andalusiyaliklar 2:0 hisobida g'alaba qozonishdi.

TAXMINIY TARKIBLAR
"Barselona"
: ter Shtegen; Dest, Mingesa, Langle, Alba; de Yong, Buskets, Pedri; Messi, Grizmann, Dembele.
"PSJ": Navas; Florenci, Markinos, Kimpembe, Kyurzava; Guey, Verratti, Paredes; Ken, Ikardi, Mbappe.

Guvohi bo'lganingizdek, ayni paytda har 2 jamoa ham optimal holatda emas. Sizningcha, bugun kimning qo'li baland keladi?

“Leyptsig” – “Liverpul”

“Leyptsig” turnirning guruh bosqichida “Manchester Yunayted”ga chiqish eshiklarini ko'rsatgan edi. Voqealar rivoji “Liverpul”ning “ajali” ham nemislar qo'lidaligiga ishora qilmoqda. 

E'tibor qiling, Mersisayd jamoasi 2021 yilning boshidan beri 10 ta uchrashuv o'tkazdi. Ulardan 3 tasida Yurgen Klopp shogirdlari g'alaba qozongan, 1 ta o'yin durang bilan yakunlangan va 6 ta bahsda mag'lubiyat qayd etilgan. “Qizillar” so'nggi 3 o'yinning barchasida maydonni boshlari egik holda tark etishdi. Ayni paytda “Liverpul” APL turnir jadvalida 6-o'rinni egallab turibdi (40 ochko). Peshqadam “Siti” bilan oradagi tafovvut 13 ochkoni tashkil qilyapti (“shaharliklar” 1 ta kam o'yin o'tkazgan).

“Leyptsig” esa Germaniya chempionati turnir jadvalida 2-o'rinni egallab turibdi. Yulian Nagelsmann jamoasi so'nggi 4 o'yinning barchasida g'alaba qozondi va bugungi o'yinga a'lo kayfiyatda yetib kelmoqda. Nemis klubiga bugun Emil Forsberg, Laymer va Domenik Soboslailar yordam bera olmaydi.

Yurgen Klop esa Milner, Matip, Keyta, Jota, Gomes hamda van Deykning xizmatidan foydalana bilmaydi. “Qizillar”ning mudofaa chizig'iga havas qilib bo'lmaydi.

TAXMINIY TARKIBLAR
"Leyptsig": 
Gulachi; Klostermann, Orban, Upamekano; Myukile, Zabitcer, Kampl, Anxelino; Nkunku, Olmo; Poulsen.
"Liverpul": Alisson; Aleksander-Arnold, Kabak, Xenderson, Robertson; Tyago Alkantara, Veynaldum, Djons; Salax, Firmino, Mane.

So'nggi paytlarda “Liverpul”ning ishlari yurishmayapti. Nima deb o'ylaysiz, “Leyptsig” mersisaydliklar uchun so'nggi manzilga aylanadimi?

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia