Neftchiga yangi o'yinchilar kelib qo'shilishi davom etmoqda

Narzulla Saydullayev
14 iyul 2013, 11:57
12 iyuldan boshlab Toshkentdagi “Geofizika” qarorgohida yig'inni boshlab yuborgan “Neftchi” ikkinchi davraga puxta tayyorgarlik ko'rish maqsadida mashg'ulotlarga zo'r bermoqda.
Shu bilan birga jamoa tarkibiga ham kun ora yangi futbolchilarning kelib qo'shilishi davom etmoqda. Chiziqlar o'rtasidagi raqobatni yanada oshirish maqsadida murabbiylar shtabi boshqa klublardan tajribali futbolchilarni taklif etmoqda. Oldin xabar berganimizdek, yig'inga birinchilardan bo'lib, Nosir Otaqo'ziev, G'ayrat Hasanov, Xislat Chilmatov hamda Mo'ydin Mamazulunov kabi o'yinchilar yetib kelishgandi. Ayni paytda ko'rikdan o'tayotgan futbolchilarning safi kengayib bormoqda. Xususan birinchi davrada asosan “Bunyodkor”ning zaxirasida qolib ketgan Abduqahhor Hojiakbarov va “Sho'rtan”ga ijaraga berilgan yarim himoyachi Shukur Jumaboev kuni kecha “Neftchi” mashg'ulotlariga kelib qo'shilishdi. 

Uzun quloq gaplarga qaraganda, “Neftchi” bu bilan selekciya jarayonini to'xtatib qo'ymoqchi emas. Boisi murabbiylar shtabi yana bir qator mahoratli o'yinchilar bilan muzokara o'tkazmoqda. Bundan ko'rinib turibdiki, jamoa safiga tez kunlarda yana yangi nomlar qo'shiladi.

Amet Memet Toshkentdagi yig'in davomida 4ta jamoa bilan sinov-nazorat uchrashuvini tashkil etib, futbolchilarning imkoniyatlarini ko'zdan kechirishni rejalashtirgan. Bu borada farg'onaliklarning dastlabki raqibi “Paxtakor” bo'ladi. Sherlar bilan o'yin 17 iyul kuni o'tkazilishi ko'zda tutilgan. Shuningdek “Olmaliq”, “Guliston” va “So'g'diyona” jamoalari bilan ham o'yin o'tkazilishiga kelishib olingan.

Aytish kerakki, jamoa Toshkentda iyul oyining so'nggiga qadar bo'ladi va avgust oyidan boshlab, Farg'onada ikkinchi davraning birinchi o'yiniga tayyorgarlik ko'riladi.

Islombek Rustambekov

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia