“Navro'z” – “Paxtakor-79” xotira turniri g'olibi

Narzulla Saydullayev
7 avg 2014, 22:00
Urganch olimpiya zaxiralari kolleji o'yingohida 2001-2002 yillarda tug'ilgan yosh “charm to'p” ustalari o'rtasida musobaqa bo'lib o'tdi.
Bu musobaqa 1979 yili aviahalokatga uchrab, yorug' olamdan ko'z yumgan “Paxtakor” jamoasi a'zolari xotirasiga bag'ishlab Xorazm viloyati ochiq birinchiligi tarzida o'tkazildi.  Mazkur turnirda vohaning o'n bitta jamoasi qatnashdi.

Musobaqaning ochilish marosimida Xorazm viloyati futbol federatsiyasi birinchi vice prezidenti Ravshanbek Otajonov, urganchning “Umid nihollari-2015” jamoasi bosh murabbiyi, futbol faxriysi Vali Sultonovlar marhum paxtakorchilar haqida yosh futbolchilarga so'zlab berishdi. Shundan so'ng, “Paxtakor-79” jamoasi futbolchilariga hurmat ramzi sifatida bir daqiqa sukut saqlandi.

Ikki kun davom etgan birinchilik yakuniga ko'ra, Xorazm viloyati xalq talimi boshqarmasiga qarashli 2-son Bolalar va o'smirlar sport maktabining “Navro'z” jamoasi(murabbiylari Alisher Ro'zmetov, Akbar Odamov) musobaqa g'olibligini qo'lga kiritdi. Birinchilikning “Eng yaxshi o'yinchilari” nomiga Ro'zmat Bahromov(darvozabon, BO'SM-2), Azamat Quryozov(himoyachi, Pitnak shahri), Umid Sultonov(hujumchi, “Navro'z”)lar sazovor bo'lishdi.

Turnirning yopilish marosimida g'olib va sovrindor jamoalar, musobaqaning eng yaxshi o'yinchilari turnir tashkilotchilari – Xorazm viloyati futbol federatsiyasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Urganch shahar kengashi, shahar madaniyat va sport ishlari bo'limi, O'zbekiston “Mahalla” jamoat fondi shahar bo'limi va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan taqdirlanishdi.
   
Ikrom  XUDOYBERGANOV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia