

Kecha "Buxoro"ga qarshi o'yinoldi mashg'ulotdan avval klubda yig'ilish o'tkazgan "Navbahor" rahbariyati bosh murabbiy rossiyalik mutaxassis Andrey Kanchelskisni iste'foga chiqargandi.
Superliganing oxirgi to'rtta turidan buyon duranglar iskanjasiga tushib qolgan va orada Liga Kubogida "Nasaf"dan yirik hisobda mag'lubiyatga uchragan "Navbahor" Andrey Kanchelskisga chiqish eshiklarini ochdi.

"Championat.asia" saytiga ma'lum bo'lishicha, "Navbahor"da bo'shab qolgan bosh murabbiy lavozimiga klub rahbariyati serbiyalik mutaxassis, O'zbekistonda ma'lum muddat ishlab ketgan Deyan Jurjevichni olib kelmoqchi. Tomonlar allaqachon muzokaralarga kirishishgan. Ertaga, 24 iyun kuni Deyan Jurjevich Namanganga kelishi kutilmoqda. Aynan mazkur uchrashuvda tomonlar rasman shartnoma imzolashadi.

Deyan Jurjevich o'z vaqtida (2011-2012) "Paxtakor"da bosh murabbiy sifatida, keyinchalik O'zbekiston terma jamoasida texnik direktor lavozimida faoliyat ko'rsatgandi. Yevropalik mutaxassisning oxirgi ish joyi Serbiyaning "Zemun" klubi hisoblanadi.
Deyan Jurjevich Serbiyaning OFK jamoasida chempionatda bronza medalini qo'lga kiritishga erishgan.
Qayd etish kerakki, Andrey Kanchelskis "Navbahor" rulida jami 19 o'yin o'tkazdi. Mazkur o'yinlardagi statistika esa quyidagicha: 6 g'alaba, 7 durang va 6 mag'lubiyat. To'plar nisbati: 20-22.
"Navbahor" bugun Superliganing 12-turida bugun o'z uyida "Buxoro" bilan kuch sinashadi. Mazkur bahsda jamoani mahalliy murabbiy, katta ehtimol bilan murabbiylar shtabida faoliyat ko'rsatgan Mustafo Bayramov vaqtincha boshqarib tushadi.
"Navbahor" esa katta ehtimol bilan dushanba kuni yangi bosh murabbiyi kim bo'lishini rasman e'lon qilishi mumkin. Deyan Jurjevich aynan dushanba kuni, yani 24 iyunda yurtimizga kelishi kutilmoqda.



