"Nasaf" futbolchisiga aylangan Suhrob Nurulloev: "Superkubokni yutishga bo'lgan ishonch yuqori darajada"

Aslanov Jasurbek
5 mar 2021, 15:41
Qishki transferlar mavsumida "Nasaf" jamoasi tarkibiga kelib qo'shilgan Suhrob Nurulloev O'zbekiston Superkubogidan avval saytmizga o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

"Qonuniy jihatdan "Paxtakor"ga tegishli edim. Klub bilan o'zaro kelishgan holda shartnomamni bekor qildim va hech qancha o'ylamasdan "Nasaf" jamoasiga kelib qo'shildim. Meni bu yerda yaxshi kutib olishdi. 

Jamoaga kelishimda Ro'ziqul Berdievning ham hissasi juda katta. "Nasaf"da ichki muhit a'lo darajada. Yaxshi jamoa shakllangan, deya olaman. Shu sababli ham turli yoshdagi terma jamoalarga ko'plab futbolchilar etkazib beriladi. Yosh ijrochilarga e'tibor yuqori ekanligi bois har mavsum yangi futbolchilar yetishib chiqadi. 

O'zbekiston Superkubogiga tayyormiz. Ertaga faqat g'alaba uchun maydonga tushamiz. To'g'ri, jamoani yetakchi futbolchilar tark etishdi. Lekin biz bu bilan to'xtab qolmoqchi emasmiz. Yanada kuchliroq o'ynashga harakat qilamiz. Jamoada bosh sovrinni yutishga bo'lgan ishonch va ishtiyoq yuqori darajada", - deydi Nurulloev.

Eslatib o'tamiz, "Paxtakor" va "Nasaf" o'rtasidagi O'zbekiston Superkubogi ertaga 16:00da start oladi. Uchrashuvni Vadim Agishev boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib boradi.

Abdulaziz Iskandarov yozib oldi

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia