Mundialga yo'l qayerdan boshlangan? Katta sahna ortidagi asl qahramonlar bilan tanishing (1-qism)

Iskandarov Abdulaziz
5 iyul 2026, 00:17
Bazilar aytishi mumkin: "Shunchaki birinchi murabbiy-ku, buni qahramonlikka yo'yish shartmi?" deb. Shart va bunga asoslarimiz etarli.

O'zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati sari roppa-rosa 34 yil kurashdi. Bu yo'lda ne-ne afsonaviy avlodlar, daho futbolchilar orzuga yaqin kelib, ortga qaytdi. Biroq har to'rt yillikning eng nufuzli musobaqasida qatnashish baxti aynan mana shu yigitlarga nasib etdi. Tarix zarvaraqlariga ularning nomi birinchi bo'lib yozildi. Kelajakda yana mundiallarga borarmiz, yangi zafarlarni qucharmiz, lekin tarixdagi ilk qadam va ilk zafar hech qachon unutilmaydi.

Bugungi buyuk g'alabaning ortida o'sha bolalikdagi ilk qadamlar, tuproq maydonlardagi og'ir mehnat yotibdi. Futbolda g'alabaning “otasi” ko'p bo'lishi mumkin, ammo yo'lni ko'rsatib bergan birinchi ustoz hamisha yagonaligicha qoladi.

Keling, okean ortiga yo'l olgan, nafaqat asosiy tarkibdagi 26 nafar, balki kengaytirilgan ro'yxatdan joy olgan jami 30 nafar futbolchimizning bolalik va o'smirlik yillariga nazar solamiz. Ularni futbol olamiga tanitgan, bugun soyada qolgan fidoyi murabbiylarni bir yo'qlaymiz. Biz bu borada imkon qadar arxiv ma'lumotlari, intervyularga tayandik.

Katta sahnaga chiqqan "birinchi raqam"

O'zbekiston bosh jamoasining bugungi muvaffaqiyatlarini darvozadagi ishonchli o'yinlarsiz tasavvur qilish qiyin. Bu poziciyada esa O'tkir Yusupov o'z so'zini ayta oldi. Biroq, bugungi yutuqlar zamirida o'sha paytdagi oddiy maktab o'quvchisini katta futbol internatiga etaklab kelgan murabbiy Otabek Nabievning hissasi beqiyosdir.

"Toshkent shahar birinchiligidagi o'yinlardan so'ng, meni Qudrat Madaminov 'Paxtakor'ga taklif qilgan," - deydi terma jamoamiz a'zosi. Yusupovning so'zlariga ko'ra, uning katta futboldagi pillapoyalari Ikkinchi ligadan boshlanib, Birinchi liga va o'rinbosarlar tarkibi orqali elitaga qadar cho'zilgan.

Yusupovning xotiralari ortda qolgan yillar faqat mehnatdan iborat bo'lganini ko'rsatadi. Oddiy maktab o'quvchisidan mamlakatning birinchi raqamli darvozaboni darajasigacha yetishishda ustoz ko'magi va quyi ligalardan boshlangan mashaqqatli pillapoyalar eng muhim omil bo'lib xizmat qilgan.

225677_680.jpg

Jasur Abduraimovning shogirdi

"Paxtakor" klubi azaldan milliy va turli yoshdagi terma jamoalarimiz uchun asosiy kadrlar etkazib beruvchi chinakam futbol zavodi hisoblanadi. Klub tarixida tajribali mutaxassis Jasur Abduraimov tarbiyalagan 1997 yillarda tug'ilgan futbolchilar avlodi o'ziga xos muvaffaqiyatli loyihalardan biriga aylandi.

Ushbu iqtidorli tarkibda Jasur Yaxshiboev, Suhrob Nurulloev, Jamshid Yusupov, Doston Ibragimov va Saidjamol Davlatjonov kabi yorqin nomlar bor edi. Biroq mana shu yulduzli guruh ichidan yillar davomida barqaror o'sib, yakunda Jahon chempionati (mundial) darajasigacha yetib borgan shogird - Hojiakbar Alijonov bo'ldi.

Jasur Abduraimov ushbu yosh toifasidagi bolalarni bolalik davridan boshlab to katta futbol ostonasigacha tayyorlab bordi. Murabbiy ularni nafaqat klub tizimida, balki keyinchalik yoshlar va olimpiya terma jamoalarida hamda "Paxtakor"ning asosiy tarkibida ham birga ishladi. Bugungi kunda Alijonov o'ng qanot himoyasida nafaqat Superliganing, balki mamlakatning eng kuchli futbolchisi bo'lib turganida ustozining poydevor vazifasini bajargan mehnati beqiyosdir.

photo_2026-07-05_00-14-18.jpg

“Bunyodkor" akademiyasining oltin davri

"Bunyodkor" futbol akademiyasi endigina bo'y ko'rsatib, o'zbek futbolida o'z tizimini yarata boshlagan davrlar edi. O'sha kezlarda ko'plab yosh istedodlar mana shu maskanga intilardi. Ushbu tizim tez orada o'z mevasini bera boshladi - akademiyadan bir-biridan iqtidorli avlodlar yetishib chiqdi. Salohiyatli jamoalar orasida Sergey Chigodaev hamda marhum Akmal Risqullaev ustozlik qilgan 2002 yillarda tug'ilgan futbolchilar guruhi alohida ajralib turardi. Mazkur jamoadan ko'plab taniqli o'yinchilar yetishdi, biroq ular orasidan keyinchalik jahon chempionati (mundial) va Olimpiada, Jahon chempionati darajasigacha ko'tarila olgan Abduqodir Husanov va Jasur Jaloliddinov porlab chiqdi. Aslida ular safida Abdurauf Bo'riev ham bo'lishi mumkin edi.

Ikki yosh kattalar ichidagi iqtidor: Chigodaev xotiralari

Abduqodir Husanov 2011 yili aynan Sergey Chigodaev qo'l ostida futboldagi ilk saboqlarini olgan. Tajribali murabbiy o'sha damlarni quyidagicha xotirlaydi:

"Men “Bunyodkor” akademiyasida 2002 yilda tug'ilgan bolalar bilan o'n yil davomida birga ishladim. Abduqodir ilk bor kelganida chamasi 7-8 yoshlarda edi. U 2004 yilda tug'ilgan bo'lsa-da, undagi noyob iqtidorni sezib, darhol o'zidan ikki yosh kattalar guruhiga qo'shdik.

a_a_2002_004.jpg


Keyinchalik Husanov 2003 yillar jamoasida Alisher Ibrohimov qo'l ostida ham mashg'ulotlar o'tadi. Uning katta futboldagi keyingi yangi darajaga ko'tarilishi esa Belarusning "Energetik-BGU" klubida Anatoliy Yurevich va Vladimir Belyavskiy murabbiyligi ostida kechdi.

Jasur Jaloliddinov garchi tarkibga kirmagan bo'lsada mazkur jamoa bilan AQSHga bordi. U o'z intervyularida murabbiylari haqida gapirgan edi.

"Birinchi murabbiyim Asror Pirnazarov va 'Bunyodkor'dagi birinchi ustozim Sergey Chigodaevga katta rahmat aytaman. Katta futbol ostonasidan hatlab o'tishimda ularning xizmati beqiyos. Shuningdek, yordamchi murabbiy sifatida ko'maklashgan Temur aka Boboxonovni ham alohida minnatdorchilik bilan tilga olaman.Bundan tashqari, marhum Akmal Risqullaevni ham eslab o'tishni burchim deb bilaman. Bu inson Sergey Chigodaev bilan birga jamoamizni boshqargan edilar. Ilohim, joylari jannatda bo'lsin"

Timur Kapadze Olimpiya terma jamoasini qabul qilib olganida, birinchi navbatda aynan Sergey Chigodaevni o'z shtabiga jalb etgani bejiz emas edi. Ushbu tandem ortida katta tajriba va mana shunday oltin avlod vakillarini tarbiyalagan fidoiylik yotibdi.

e41286f0-c796-4412-8577-71b1fb5ba64a.png



"Qaldirg'ochlar"ning baland parvoz qilgan "qaldirg'ochlari"


Rustam Ashurmatov haqida so'z ketganda, beixtiyor ko'z oldimizga taniqli himoyachi va mutaxassis Baxtiyor Ashurmatov keladi. Bu sulolada futbol geni qondan-qonga o'tgan desak, aslo mubolag'a bo'lmaydi.

Rustamni yashil maydonga ilk bor bobosi etaklab kelgan. Qo'qon futboli maktabi tarbiyalanuvchisi bo'lgan qahramonimiz dastlab Ikrom va Ibrohim ustozlar qo'lida to'p tepishni o'rgandi. Keyinchalik undagi noyob iqtidor "Bunyodkor" selekcionerlari hamda tajribali mutaxassis Sergey Lushchanning e'tiborini tortdi va yosh himoyachi poytaxt akademiyasiga taklif etildi. Umuman olganda, akademiyaning 1996 yillarda tug'ilgan futbolchilar avlodining porlab chiqishida Sergey Ivanovichning mehnatlari beqiyos bo'lgan.

Ashurmatov faoliyatining o'sha burilish nuqtasini quyidagicha yodga oladi:

"Qo'qonda Ibrohim va Ikrom akalar qo'l ostida mashg'ulot o'tardik. Narimon aka ismli murabbiyimiz bizni yaxlit bir jamoa sifatida Toshkentdagi turnirga olib kelgan. Sergey Lushchan musobaqaga selekcioner sifatida tashrif buyurgan ekan. O'shanda turnirdan jami 23 nafar futbolchini saralab olishdi. Yakunda esa mana shu katta guruhdan faqat uch kishini akademiyada olib qolishdi. Bular - men, Akrom Komilov va Ibrohim G'ofurov edi".

"Bunyodkor"ning oltin avlodi va Osiyo etirofi
Xuddi shu yillar mahsuli bo'lgan, 2015 yilda Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topilgan Doston Hamdamov ham aynan "Bunyodkor" tizimida, Lushchan qo'l ostida katta futbolchi bo'lib yetishdi.
"Qaldirg'ochlar" akademiyasi tarixida 1996 va 2002 yillarda tug'ilgan o'yinchilar o'ziga xos "oltin avlod" sifatida muhrlandi. Hamdamov va Ashurmatov esa ushbu to'lqinning eng yorqin yulduzlariga aylanishdi.

Keyinchalik Sergey Lushchan "Bunyodkor"ning bosh jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangach, mana shu yoshlar guruhiga dadil ishonch bildirdi. Natijada ko'plab mahalliy istedodlar Superligada debyut qilib, katta futbol sahnasiga eshikni dadil qoqib kirib kelishdi.

b_m_5_1_011.jpg


Muborakdan Rimgacha: Eldor Shomurodovning katta futbolga tashlagan ilk qadami

O'zbekiston milliy terma jamoasining bugungi yetakchisi va yuragi hisoblangan hamda jamoa sardori Eldor Shomurodov professional futboldagi dastlabki saboqlarini Muborakning "Mashal" klubi akademiyasida olgan.

Mashhur hujumchining katta sahnaga chiqishida mahoratli mutaxassis Otajon Avezovning hissasi katta bo'lgan. Tajribali murabbiy o'sha tarixiy ko'rikni shunday xotirlaydi:

"Eldor Shomurodov 2007 yilning fevral oyida akasi Sanjar Shomurodov hamrohligida 'Mashal' akademiyasi ko'rigiga kelgan edi. O'sha kezlarda men 1994-1995 yillarda tug'ilgan futbolchilar guruhini shug'ullantirardim. Eldorni bir haftalik sinov muddati bilan jamoada olib qoldim. Nazorat o'yinlari va mashg'ulotlarda o'zini har tomonlama yaxshi ko'rsata olganidan so'ng, uni akademiya safiga rasman qabul qildik".


Yillar o'tib, taqdir bu ikki insonni yana birlashtirdi. Bugungi kunda ustoz va shogird o'rtasidagi hurmat yangi darajaga ko'tarilgan: Otajon Avezov ayni paytda Eldor Shomurodov tomonidan tashkil etilgan futbol akademiyasida rahbarlik lavozimida ishlab kelmoqda.

606561_original.jpg

Oston O'runovning asl kashfchisi kim?
Ko'pchilik ishqibozlar Oston O'runovni "Paxtakor" akademiyasi mahsuli va faqat poytaxt futbol maktabi tarbiyalanuvchisi deb bilishadi. Biroq voqealar rivojiga chuqurroq nazar tashlansa, Oston millionlar o'yinidagi ilk saboqlarini o'zi tug'ilib o'sgan Navoiy viloyatida olgani oydinlashadi. Mahoratli yarim himoyachining birinchi murabbiyi - bolalar futboli mutaxassisi Abduhalil Inoyatovdir. Yosh istedod Toshkentga ko'chib o'tgachgina "Paxtakor" tizimida Temur Olimxo'jaev qo'l ostida mahoratini oshirishni davom ettirgan.

140 nafar bola ichidan tanlangan sardor: Abduhalil Inoyatov xotiralari

*"Oston O'runov 7 yoshidan boshlab turli to'garaklarga qatnashib yurardi. 9 yoshga to'lganida uni futbol sekciyasiga dadasi Rustam O'runov etaklab keldi. O'sha kezlarda Navoiy shahridagi 6-maktabning oddiy qum maydonida mashg'ulot o'tardik. Oston ilk kunlardan tabiiy tezkor harakatlari va o'yinga bo'lgan cheksiz chanqoqligi bilan ajralib turdi.


Keyinchalik Karmana tumanida Bolalar va o'smirlar futbol maktabi (BO'FM) ochilgach, mutaxassis Oybek Jumanazarov meni u erga taklif qildi va biz 1998 yillarda tug'ilgan bolalar terma jamoasini shakllantirdik. E'tiborlisi, Oston o'zidan ikki yosh katta bolalar bilan birga shug'ullanib, o'quv-yig'in mashg'ulotlarida yetakchilikni qo'ldan bermadi. 2000 yillar o'rtasida maktab birinchiligi doirasida viloyat terma jamoasi tuzilganda, O'runov 140 nafar tengdoshi orasidan sardor etib saylandi. Ushbu tarkib bilan bir nechta Respublika musobaqalarida sovrindor bo'ldik. 2012 yilga kelib esa Oston 'Paxtakor' akademiyasi skautlari nazariga tushdi va poytaxtga yo'l oldi".

da9abdb7-8686-46cd-8ba1-a8979c791cf1.png

Istedodlarni uyiga sig'dirgan murabbiy va Xorazm omilini yodga olib

1993 yillarda tug'ilgan futbolchilar avlodi "Paxtakor" tarixidagi eng barakali va oltin davrlardan birini taqdim etdi. Ushbu yosh toifasidan jahon chempionatigacha yetib borgan yigitlar soni bir emas, bir yo'la uch nafarni (Jamshid Iskanderov, Igor Sergeev, Jaloliddin Masharipov) tashkil etdi. Agar og'ir jarohatlar to'sqinlik qilmaganida, ular qatorida Vladimir Kozak ham terma jamoaning doimiy yetakchisi bo'lishi shubhasiz edi.

Mazkur oltin avlodni katta futbolga etaklashda fidoyi mutaxassis Dmitriy Kimning xizmati beqiyos. Masharipov o'z intervyularining birida ustozi haqida gapirib: "Katta futbol va hayotning haqiqiy sir-asrorlarini ko'proq aynan mana shu insondan o'rganganman", - deya minnatdorchilik bildiradi.

Xorazmdan poytaxtgacha: Iskanderov va Masharipov tandemi

Bu zanjirda Iskanderov va Masharipovni Xorazmda kashf etgan ilk murabbiy Olimjon Davletovning ham hissasini alohida etirof etish lozim. Davletov iqtidorlarning ilk qadamlarini shakllantirgan bo'lsa, Dmitriy Makarovich ularning professional darajaga ko'tarilishida bosh memor vazifasini bajardi.

Jamshid Iskanderov o'sha og'ir va shirin damlarni shunday xotirlaydi:

*"Hech bir futbolchi o'z-o'zidan yulduz bo'lib qolmaydi. Buning ortida mashaqqatli mehnat yotibdi. Bolaligimizda Olimboy Davletov bizga ustozlik qilib, ko'plab musobaqalarga olib borardi. Jizzaxda o'tgan turnirlarning birida o'yinimizni kuzatish uchun 'Paxtakor' skautlari tashrif buyurdi. O'shanda Jaloliddin ikkimizning harakatlarimiz Dmitriy Makarovichga maqul kelib, bizni poytaxtga taklif qildi.

bd53bd6b-a4a4-428c-9302-934b77e41d4e.png


2005 yili men, Masharipov va Abdulaziz Yusupov Toshkentga kelganimizda, boradigan joyimiz yo'qligi sababli bir muddat Dmitriy Kimning uyida yashaganmiz. To'g'risi, o'shanda bo'yimiz kichikligi uchun 'bulardan futbolchi chiqmaydi' deb, bizni jamoadan haydab yubormoqchi ham bo'lishgan. Biroq Samvel Babayan va Dmitriy Makarovichning bizga bo'lgan ishonchi hamda qo'llab-quvvatlashi tufayli 'Paxtakor'da qolishga muvaffaq bo'lganmiz".*


Jizzaxdan Qarshigacha: Aziz G'anievni "Nasaf"ga kim etaklab borgan?


Asli Jizzax futbol maktabi tarbiyalanuvchisi bo'lgan mahoratli yarim himoyachi Aziz G'aniev millionlar o'yinidagi ilk saboqlarini mahalliy mutaxassis Ulug'bek Almatov qo'l ostida olgan. Takidlash joizki, Ulug'bek Almatov nafaqat G'aniev, balki Jizzax vohasidan yetishib chiqqan bir qator taniqli futbolchilarning katta maydonga chiqishida birinchi murabbiy sifatida muhim rol o'ynagan.
Tajribali ustoz Azizdagi noyob iqtidor va o'yinni his qilish qobiliyatini vaqtida payqab, uni Qarshining "Nasaf" klubi ko'rigiga olib boradi. Bu qadam esa futbolchining taqdirini butunlay o'zgartirib yubordi. Jahon maydonlarida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan yarim himoyachi o'sha damlarni chuqur minnatdorchilik bilan xotirlaydi:

"Jizzaxda, oddiy maktabda to'p tepib yurgan kezlarimdayoq murabbiyim Ulug'bek aka Almatov menga ishonch bildirgan. Aynan u kishi meni 'Nasaf' jamoasi ko'rigiga etaklab borgandi. Qarshida esa klub yoshlar jamoasi ustozi Bahodir Annamatov o'yinimni kuzatib, o'z tarkibiga olib qolgan. Mana shu ikki fidoyi insonga hamisha rahmat aytaman. Mening bugungi darajamga yetishishim va professional futbolchi bo'lib shakllanishimda ularning hissasi beqiyosdir".

photo_2026-07-05_00-09-21.jpg

Davomi bor….

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia