Mundial orzusi (birinchi qism)

Narzulla Saydullayev
3 okt 2013, 09:36
1994 yil rasman FIFAga qabul qilingan mamlakatimiz futboli bu yil beshinchi marta jahon chempionati final bosqichiga chiqish missiyasini yakunladi.
O'tgan besh saralash bahslarida qanday natija qayd etganmiz, nechanchi o'rinni egallaganmiz va necha ochko to'plaganmiz, bu haqda xo'p va ko'p yozildi. Bundan keyin ham bu ish davom etadi. Ammo men o'sha natijalarga to'xtalib o'tishni lozim topmadim. Ushbu maqolamning birinchi qismida, bizga armon bo'lib qolgan JCH yo'llanmalarining sohiblari tarixiga e'tibor qaratishni maqul topdim. Osiyoning yetakchi terma jamoalarining mundialga qatnashish poydevorini tahlil qilish orqali, terma jamoalarimiz uchun foydali ma'lumotlar yuzaga chiqishidan umidvorman.

Osiyo qitasidan JCHga chiqqan jamoalarni yilma yil esga olsak.

2014 yil Braziliyada o'tadigan jahon chempionatiga ishtirok etish huquqini Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya va Eron qo'lga kiritdi. Iordaniya noyabrda o'z baxtini Janubiy Amerika qitasining beshinchi jamoasi bilan sinab ko'rishini bizga ahamiyati yo'q. Sababi oddiy, bu yo'llanma ko'p ehtimollar bilan qitadoshlarimizga nasib etmaydi.

2010 yilgi JARda o'tgan jahon chempionatida Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya va Shimoliy Koreya terma jamoalari ishtirok etdi. Yaponiya va Janubiy Koreya 1/8 finalda to'xtagan bo'lsa, Avstraliya va Shimoliy Koreya guruh bahslari bilan cheklandi.

2006 yilda Germaniya maydonlarida o'tgan JCHda Yaponiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni va Eron terma jamoalari qitamiz sharafini himoya etgandi. Bu gal qitadoshlarimiz guruh bahslari bilan cheklanishgan.
2002 yilgi mundial Osiyo qitasida qo'sh mezbon Yaponiya va Janubiy Koreya maydonlarida o'tdi. Ikki mezbondan tashqari Xitoy va Saudiya Arabistoni ham JCHda ishtirok etdi. Bu turnirda mezbonlar yaxshi ishtirok etishgani esingizdan chiqmagan bo'lsa kerak. Yaponiya 1/8 finalda to'xtagan bo'lsa, Janubiy Koreya to'rtinchi o'rinni qo'lga kiritgandi.

1998 yil Fransiyada o'tgan JCHda Yaponiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni va Eron terma jamoalari ishtirok etgandi. Barcha jamoalar guruh bahslaridan so'ng ortga qaytishgan.

Umumiy statistikaga murojaat etadigan bo'lsak, shu 5 JCH yo'llanmasi quyidagicha qo'lga kiritilibdi.
Yaponiya 5 marta
J.Koreya 5 marta
S.Arabistoni 3 marta
Eron 3 marta
Avstraliya 2 marta
Xitoy 1 marta
SH.Koreya 1 marta

Qo'shimcha ma'lumot sifatida quyidagilarni keltirib o'tsam. Yaponiya 1998 yilgacha umuman JCH final bosqichida ishtirok etmagan. Janubiy Koreya 1986 yildan boshlab muntazam qatnashib kelayotgan qitaning yagona jamoasi hisoblanadi. Bundan tashqari ular 1954 yilda ham bir marta mundialda qatnashishgan. Saudiya Arabistoni terma jamoasi esa 1994 yil AQSH maydonlarida 1/8 finalga qadar yetib borgan. Eron terma jamoasi esa avval 1978 yil JCHda ishtirok etgan va guruh bahslaridan so'ng uyga qaytgan.

Yuqoridagi ma'lumotlarga tayangan holda biz JCH finaliga chiqish yo'lini Janubiy Koreya va Yaponiya qayd etgan natijalardan izlab ko'rsak.

Bu maqolani o'qib turib bu ikki mamlakatni “boy va rivojlanganda” deyishga shoshilmang. Yaratganga shukrkim, bizning davlatimiz ham dunyo hamjamiyatida o'z o'rni va nufuziga ega hisoblanadi.

Demak izlanishlarni Janubiy Koreyadan boshlasak.
Sakkizinchi marta ketma-ket mundialda ishtirok etayotgan koreyaliklar bu ko'rsatkichga osonlik bilan erisha olmaganlar. Ular jahon chempionatida muntazam ishtirok etayotgan bo'lishsada, qita kubogida 1986 yildan buyog'iga bir marta kumush (1988) va uch marta bronza medallari (2000, 2007 va 2011) bilan cheklangan. Uzoq tarixga murojaat etadigan bo'lsak, ikki karra Osiyo chempioni (1956 va 1960) va ikki marta ikkinchi o'rin (1972 va 1980) hamda bir marta bronza medal egasi (1964). Umumiy hisobda 2 oltin, 3 kumush va 4 bronza koreyaliklar muzeyini bezab turibdi. Koreyaliklar jahon chempionatlarida asosan mahalliy mutaxassis boshchiligida ishtirok etgan. Faqatgina 2002 va 2006 yillarda Gollandiyalik taniqli mutaxassislar xizmatidan foydalanilgan (1986 yil Kim Jung Nam, 1990 yil Li Xo Tayk, 1994 yil Kim Xo, 1998 yil Kim Pyuk Seuk, 2002 yil Guss Xiddink (Gollandiya), 2006 yil Dik Advokat (Gollandiya), 2010 yil Xux Jung Mo va navbatdagi JCHda ham mahalliy murabbiy Xon Men BO jamoani boshlab tushishi kutilmoqda. Darvoqe saralash o'yinlarida Choy Kan Xi koreyaliklarga ustozlik qilganini ham e'tibordan chetda qoldirmaslik kerak.

Terma jamoaga futbolchilarga oltin ko'prik vazifasini o'tovchi Olimpiada o'yinlarida ham Janubiy Koreya muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda. Ular oxirgi 7 olimpiadaning barchasida qatnashgan Osiyoning yagona jamoasi bo'lib turibdi. 1988 yil Seul mezbonlik qilgan bahslarda mezbon sifatida ishtirok etgan. Bungacha ham 1948 va 1964 yillarda bu musobaqa tamini tatib ko'rishgan. 2012 yil Londonda bronza medallariga sazovor bo'lgan koreyaliklar 3-o'rin uchun bahsda Yaponiyani mag'lub etgan.

Bizning olimpiyachilarimiz ilk marta 1996 yilgi turnir saralashida ishtirok etganligini hisobga olsak, koreyaliklar 1996-2012 yil davomida 5 olimpiadaning barchasida to'p surishgan.

Yoshlar terma jamoasi (U-20) turnirlarida ham janubiy koreyaliklar yaxshi natijalarga erishishgan. 19 marta o'tkazilgan turnirning 12tasida ular ishtirok etishgan. Eng yaxshi natijalari 4-o'rin (1983). 1994 yildan boshlab hisoblaganda ular faqat 1995 va 2001 yil final turniriga chiqa olishmagan. Shu davr mobaynida 8 musobaqaning 4tasida guruhdan chiqib pley-off bahslarida to'p tepishgan. Shu jumladan bu yil Turkiyada o'tgan turnirda ular ¼ finalda Iroq terma jamoasiga yutqazgan.

O'smirlar o'rtasidagi jahon chempionatida bu mamlakat terma jamoasi 4 marta ishtirok etgan. So'nggi ikki mundialda ularning ishtirok eta olmayotganligiga bizning terma jamoa qo'lga kiritayotgan muvaffaqiyatlar to'siq bo'lmoqda balki. Bu turnirda ko'p ham ishtirok etmagan bo'lsada, ishtiroklari davomida koreyaliklar ikki marta chorak finalga qadar yetib borishgan. 1994 yildan buyog'iga hisoblasak, ular 3 marta o'smirlar o'rtasida jahon chempionatida qatnashgan.... (davomi bor.)

Baxtiyor Shirinov.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia