Mirjalol Qosimov: "Hozirgi zamon futbolida zaxira o'rindig'ining o'rni katta"

17 avg 2013, 23:14
“Metallurg” – “Bunyodkor” uchrashuvidan keyin jurnalistlar “qaldirg'ochlar” ustozi Mirjalol Qosimovni savollarga tutishdi.
- Uchrashuv biz uchun yaxshi boshlangan edi. O'yin startidayoq Lutfulla To'raev raqib darvozasini ishg'ol qilib, jamoamizni oldinga olib chiqqandi. Shundan keyin ham bizda yaxshi vaziyatlar bo'ldi, biroq ularni golga aylantira olmadik. Aksiga olib, maydon markazidagi hato evaziga o'z darvozamizdan to'p olib chiqdik. Bu esa mezbonlarni ruhlantirdi. Agarda biz ikkinchi golimizni kiritganimizda hisob tamomila boshqacha tus olishi mumkin edi. Yakunda g'alaba qozonganimizdan xursandman, - deb gap boshladi Mirjalol Qo'shoqovich.

- “Metallurg” ko'rsatgan o'yin haqida nimalar deya olasiz?
- Bekobodliklar har doim peshqadamlarga bosh og'riq bo'lib kelishgan. Bu yerda yaxshi jamoa shakllangan. “Bunyodkor” Bekobodda doimo kuchli qarshilikka duch keladi. Umuman hech bir jamoa bu yerdan oson g'alaba bilan qaytmaydi. Shu boisdan ham “Metallurg”ni hurmat qilaman.

- Sahob Jo'raev yaxshi futbolchi. Ammo oddiy vaziyatda u qo'pol hatoga yo'l qo'ydi. Bu nima bilan bog'liq?
- Kuchli jamoalarga qarshi kechgan ketma-ket o'yinlarimiz oqibatida futbolchilarimizdagi ruhiy barqarorlik biroz o'zgardi, deb o'ylayman. Sahob Jo'raev yaxshi futbolchi va biz unga ishonamiz.

- So'nggi paytlarda “Bunyodkor” safida yosh futbolchilar tez-tez maydonga tushishyapti. Ular Sizning ishonchingizni oqlashyaptimi?
- Yoshlar – bizning kelajagimiz. Ularni tez-tez maydonga tushirib, yaxshilab tarbiyalasak, kelajagimizga munosib poydevor qo'ygan bo'lamiz. Ilgari futbolda yarim himoya chizig'ingni ko'rsatsang butun jamoangga baho beraman, degan gaplar bo'lardi. Hozirgi zamon futbolida bu ibora o'zgargan. Endi zaxira o'rindig'ingni ko'rsatsang jamoang kuchini aytib beraman, deyishyapti. Bugungi “Bunyodkor”ning zaxira futbolchilari to'liq yoshlarni tashkil etyapti. E'tibor qaratayotgan bo'lsangiz, zaxiradan to'liq yoshlar maydonga tushishyapti. Shuning uchun ham o'yinimizda barqarorlik doimo bir meyorda emas. O'ylaymanki, sekin-asta yoshlarimiz ham stabillikka erisha olishadi.

Manba: fcbunyodkor.com