"Lokomotiv": Jasur Hasanov 2 ta o'yinga chetlatildi

Narzulla Saydullayev
26 fev 2016
Hasanov safardagi ikki o'yinni qo'yib yuboradi.

“Lokomotiv” – “Al-Ittixod” o'yinining 90-daqiqasida avstraliyalik hakam Benjamin Jon Uilyams maydondan chetlatgan Jasur Hasanov chempionlar ligasining navbatdagi ikki o'yinida jamoaga yordam bera olmaydi. OFK tartib-intizom qo'mitasi mana shunday qaror chiqardi.

O'yinning 89-daqiqasida Sardor Mirzaev hisobni tenglashtirganidan so'ng, “Lokomotiv” futbolchilari uchrashuvni tezroq davom ettirish harakatiga tushishdi. Jasur Hasanov bu yo'lda to'pni maydon markaziga tezroq olib kelishni istadi, Fahad Al-Muvallad esa to'pni berishni xohlamadi, natijada ikki o'rtada kelishmovchilik yuzaga keldi. Hakam vaziyatni chigallashtirishni istamay, har ikki futbolchiga to'g'ridan-to'g'ri qizil kartochka ko'rsatdi.

Chempionlar ligasidagi navbatdagi ikki turni “Lokomotiv” safarda “Al-Ittixod” hamda Eronning “Fulad Sepaxon” klublariga qarshi o'tkazadi. Ular mos ravishda 1 hamda 15 mart sanalariga tayin qilingan. Ko'rsatilgan to'g'ridan-to'g'ri qizil kartochka sabab Jasur Hasanov mart oyidagi xalqaro o'yinlarda ishtirok etmaydi. 4-tur 6 aprel sanasiga belgilangan.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: lokomotiv.uz