

Bunga qadar jamoa a'zolari asosan tiklanish hamda jismoniy tayyorgarlik mashg'ulotlariga zo'r berib kelishayotgandi.
Bugun klub lageriga chernagoriyalik hujumchi Ivan Vukovich kelib qo'shilgani haqida ma'lum qilgandik. Ertangi bellashuvda katta ehtimol bilan unga imkoniyat taqdim etiladi. Vukovich haqidagi dastlabki xulosaga kelishda bu g'oyatda as qotadigan bellashuvdir.
Sir emas, o'yinoldi mashg'ulotlari odatdagilaridan anchagina farq qiladi. Shundan kelib chiqqani holda bosh murabbiy Mirko Yyelichich futbolchilarning o'yin amaliyotlarini sekin-asta tiklashga ko'proq e'tibor qaratdi. O'tgan mavsum so'nggiga kelib klub natijalari uchun javobgarlikka maul etib tayinlangan mutaxassis oldiga yangi mavsumda yuqori talablar qo'yilishi shubhasiz.
“Men O'zbekiston futboliga allaqachon ko'nikib ketganman. Jamoani bir necha yildan buyon bilganim uchun ham futbolchilar bilan ishlashda qiyinchiliklarga duch kelayotganim yo'q. O'zimni o'ng'ay sezaman”, – deydi Yyelichich. Murabbiy 2015 yilgi mavsum yakuniga 5 ta tur qolganida jamoani qabul qilib olgach, “temiryo'lchilar” barcha uchrashuvlarda muvaffaqiyat qozonganishgandi.
“O'tgan mavsum jamoa katta xatolarga yo'l qo'ygani yo'q. Ayrim uchrashuvlardagi kichik xatolar yakunda bizni chempionlikdan mahrum qildi. O'z-o'zidan ma'lum bo'ladiki, kichik xatolar yig'ilib-yig'ilib, katta sovrindan mahrum qiladi. Biz shu tomonga jiddiy e'tibor berishimiz kerak”.
“Ayni paytda qo'l ostimda mavjud bo'lgan tarkibdan ko'nglim deyarli to'q. Bizda yosh va iqtidorli futbolchilarni ham, kattagina tajribaga ega bo'lganlarini ham topishingiz mumkin. Agar bitta yaxshi hujumchi bilan shartnoma imzolay olsak, nur ustiga a'lo nur bo'lardi. Buning ustida ish olib borilyapti. Legioner futbolchilar talabimizga javob berishmasa, mahalliy yigitlar kuchi bilan kifoyalanishga majbur bo'lamiz”.
Ertangi o'yin haqida fikrlarini Mirko Yyelichich quyidagicha izohladi: “Biz asosan yangicha kombinaciyalarni sinovdan o'tkazib ko'ramiz. Mashg'ulotlar davomida futbolchilar buni qanchalik tushunayotganliklari va o'zlashtirayotganliklarini sparing-raqib yordamida bilib olamiz”.
O'tgan mavsum “Lokomotiv”ga yordam bergan bir qator futbolchilar jamoani tark etishdi. Yyelichich bu haqda ham o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi: “Bugun bizning safimizda yo'q bo'lgan futbolchilar o'tgan mavsum jamoa muvaffaqiyatlariga sezilarli hissa qo'shishdi. Ahir biz mavsumni yomon o'tkazganimiz yo'q. Dilshod Rahmatullaev O'zbekistonning har qanday klubini kuchaytira oladigan salohiyatga ega. Uning poziciyasida harakat qiladigan Lutfulla To'raev ham yaxshi taassurot qoldirgandi. Ayni paytda ularning o'rnini bosishi kerak bo'lgan futbolchilarni topib, yo'qotishlar sezilmasligi uchun harakat qilyapmiz”.
Ertangi raqib “Al-Ahli” 14 ta jamoa ishtirok etadigan Saudiya Arabistoni Pro-ligasining 13-turidan keyin 33 ochko bilan peshqadam bo'lib turibdi. Mazkur jamoaga qarshi bellashuv Toshkent vaqti bilan 17:00 da start oladi.



