

– O'yin haqida fikringiz...
– Ruxsatingiz bilan, futbolchilarimizdan faxrlangan holda ishonch bilan takidlaymanki, bugun "Neftchi" jamoasi a'zolari maydonda "Al Hilol"ni yanchib tashlashdi va raqibga hech qanday imkoniyat qoldirishmadi. Buning uchun ularga o'z tashakkurimni bildiraman, ular bilan faxrlanaman. O'ylaymanki, bugun butun Farg'ona, butun O'zbekiston ular bilan faxrlandi, deb bemalol ayta olamiz. Shuningdek, shunday sovuq ob-havoga qaramay, stadionga tashrif buyurib, bizni qo'llab-quvvatlagan barcha-barcha muxlislarimizga minnatdorlik bildiraman.
– Ochig'i, birinchi bo'limdan so'ng menda biroz xavotir paydo bo'lgan edi – "Paxtakor" – "Al Nassr" uchrashuvi ssenariysi takrorlanishi mumkin, degan o'yga bordim. Biroq maydonda haqiqiy mo'jiza yuz berdi. Tanaffus paytida kiyinish xonasida qanday muhit hukm surdi? Biz turli videolavhalarda Gvardiola, Aleks Fergyuson yoki boshqa mashhur murabbiylarning tanaffusda aytgan "Mag'lubiyatdan emas, g'alaba uchun hech narsa qilmaslikdan qo'rqing!", "Yigitlar, bu shunchaki "Tottenxem" kabi davatlarini ko'ramiz. Sizda vaziyat qanday kechdi va o'yinni tubdan o'zgartirib yuborgan qanday hal qiluvchi so'zlarni aytdingiz?
– Avvalo, birinchi bo'limga to'xtaladigan bo'lsak, biz yomon o'yin namoyish etmayotgan edik. Birinchi bo'limni ham yaxshi o'tkazdik, biroq oddiy texnik xatolarga yo'l qo'ydik. Raqib bundan unumli foydalandi. Bu tabiiy holat, zero tarkibida yuqori saviyali ijrochilar jamlangan jamoa bunday xatolardan albatta foydalanadi. Shunga qaramay, bizda ham ko'plab imkoniyatlar yuzaga keldi.
Tanaffusga kelsak, vaziyat shunday ediki, futbolchilarni meyordan ortiq ruhlantirib yuborish ham noto'g'ri bo'lardi. Chunki bor e'tiborimizni to'laqonli hujumga qaratganimizda, hisob yiriklashib ketishi mumkin edi. Shu omillarni inobatga olgan holda, futbolchilarga zarur ko'rsatmalarni berdik va shoshilmaslik lozimligini ta'kidladik. O'z golimizni baribir urishimizni aytdik, biroq asosiy e'tibor himoyadagi zichlikni saqlab qolish hamda raqibning qarshi hujumlarini o'tkazib yubormaslikka qaratildi.
Futbolchilar maydonga chiqib ketayotganda ham ularga ishonch bildirdik, zero ular birinchi bo'limda yaxshi o'yin o'tkazishdi. ikkinchi bo'limda yanada yuqori koncentraciya bilan to'p surish zarurligini uqtirdik. Buning uchun futbolchilarga rahmat – ikkinchi bo'limda ajoyib o'yin namoyish etishdi.
– Kecha o'yindan oldingi matbuot anjumanida shunday savol bergan edim: ushbu grand jamoa ustidan g'alaba qozonish mumkinligini, maydonda pul yoki nomdor o'yinchilar hal qiluvchi ahamiyatga ega emasligini futbolchilarga singdira oldingizmi? Bugun buning isbotini maydonda ko'rdik – haqiqatan ham buni ularga singdira olgansiz. Endi "Istiqlol"ga qarshi uchrashuv oldidan holat qanday? Abror Ismoilovning jarohati borligi haqida eshitdik. Uning jarohati jiddiymi yoki yo'qmi? Abror "Istiqlol" bilan bahsda maydonga tusha oladimi?
– Birinchi savolga to'xtaladigan bo'lsak, kecha ham takidlagan edim – garchi buni ko'pchilik turlicha talqin qilgan bo'lsa-da: "Al-Hilol" jamoasining qanday salohiyatga ega ekanini barcha biladi, ertaga esa maydonda "Al-Hilol" ham "Neftchi" qanday jamoa ekanini bilib oladi, degandim. Bugun bu so'zlarimizni maydonda amalda isbotlab berdik.
Abror Ismoilovga kelsak, uning jarohati darajasini hozir aniqlaymiz. O'ylaymanki, Xudo xohlasa, "Istiqlol"ga qarshi o'yingacha tezroq tiklanib, safga qaytadi.
– "Neftchi" o'z imkoniyatlarini saqlab qoldi. Kecha ham kayfiyatingiz yo'q edi, bugungi natija ham biroz ta’sir ko'rsatgani sezilmoqda. Boshlang'ich tarkiblarni ko'zdan kechirganimda, "Al Hilol" bilan jamoamiz o'rtasidagi transfer qiymati 23 barobar farq qilishiga e'tibor qaratdim. Savolim esa biroz boshqacharoq: "Neftchi" Superligada chempionlikka yaqin turibdi va katta ehtimol bilan kelgusi mavsumda ham Chempionlar ligasida ishtirok etadi. Joriy mavsumdagi Chempionlar ligasi natijalari klub rahbariyatining qarorlariga – xususan, tarkibni kuchaytirish yoki boshqa yo'nalishlar borasidagi rejalariga ta’sir ko'rsatishi yoki ularni o'zgartirishi mumkinmi?
– Kayfiyat masalasiga kelsak, so'nggi paytlarda kayfiyatim yurak kardiogrammasi kabi o'zgarib turibdi, chunki uchrashuvlar juda ko'p. O'zingiz guvohi bo'lib turibsiz, hech bir o'yin oson kechayotgani yo'q: bazi uchrashuvlarda g'alaba qozonyapmiz, bazilarida so'nggi daqiqalarda gol uryapmiz, bazida mag'lub bo'lib, bazida durang qayd etyapmiz. Tabiiyki, bunday holatlar murabbiyni ruhan toliqtiradi.
Ikkinchi savolingizga javob beradigan bo'lsam, jamoa hamisha o'z oldiga yuqori maqsadlarni qo'yadi va qanday natija qayd etilishidan qati nazar, yildan-yilga o'sishga intiladi. "Neftchi"ning ambiciyalari yuqori bo'lib, bu yo'nalishda klub rahbariyati tomonidan katta ishlar amalga oshirilmoqda. Xudo xohlasa, kelgusi yilda jamoa bu yilgidan yanada kuchliroq bo'ladi va uning oldiga yanada ulkan maqsadlar qo'yiladi.
– Kecha "Dinamo" ishtirokidagi o'yindan so'ng Vadim Abramovdan so'rashganida, u: "Neftchi"ning muammosi o'ziniki, agar bayram qilmoqchi bo'lsa, qilaversin, bizning o'z muammolarimiz bor", deya fikr bildirdi. Keyingi uchrashuvda bayram bo'ladimi, nimalar kutilmoqda? Aytmoqchi bo'lganim, bugun futbolchilar juda ko'p kuch sarflashdi va maydonda bor imkoniyatlarini ishga solishdi. "Dinamo"ga qarshi chempionlik bahsi oldidan ular bor kuchlarini yo'qotib qo'yishmadimi?
– Navbatdagi uchrashuvgacha ixtiyorimizda besh kun vaqt bor va bu muddat ichida jamoa bemalol tiklanib oladi. Buning uchun maxsus dasturimiz mavjud bo'lib, aynan shu dastur asosida harakatlanamiz.
Albatta, bu – futbol. "Dinamo" ham yaxshi jamoa: istalgan raqibga munosib qarshilik ko'rsata oladi va zarur paytda istalgan jamoani mag'lub etishga qodir. Vadim Abramovni ham tajribali murabbiylardan biri sifatida yaxshi bilamiz. Shu bois bizni oson bahs kutmayapti. Biroq bu biz uchun, tabir joiz bo'lsa, jon olib, jon beradigan uchrashuvdir. O'z maydonimizda to'p suramiz. O'ylaymanki, mazkur bahsda bugungidan ham yuqori ishtiyoq bilan, yanada yaxshiroq o'yin ko'rsatishga intilamiz va muxlislarimiz ko'z o'ngida jamoaning ettinchi chempionligini nishonlash uchun bor kuchimizni safarbar etamiz. Bu borada murabbiylar va futbolchilar bilan gaplashib oldik – zarurat tug'ilsa, sutkasiga 24 soat ishlaymiz. Bor e'tiborimizni hozirdan boshlab "Dinamo"ga qarshi bahsga qaratamiz.



