

- O'yin haqida fikringiz?
- Birinchi navbatda muxlislarimizni tabriklayman. Ishqibozlarimiz stadionda juda chiroyli muhit hosil qilishdi, biz xuddi uyda o'ynagandek bo'ldik. Shu bois muxlislarga alohida minnatdorchilik bildiraman. O'yinga keladigan bo'lsak, bahs og'ir kechishi aniq edi. Vodiy derbisi o'z nomi bilan har ikki jamoa hujumkor o'yin namoyish etdi. O'ylaymanki, chiroyli o'yin ko'rsatib g'alaba qozondik. Lobanovskiyning gapini eshitgansiz: o'yin unutiladi, natija qoladi.
Uchrashuvdan oldin berilgan ko'rsatmalarda ko'proq o'yin intizomiga e'tibor qaratdik. Birinchi taymda tashabbus "Andijon" tomonida bo'ldi va biz bunga tayyor edik, chunki shunga mos reja ishlab chiqqandik. Ikkinchi bo'limga kelib o'z o'yinimizni ko'rsatishni boshladik va tempni oshirib bordik. Shu orqali raqibni xato qilishga majbur qildik.
Umuman o'yinni oladigan bo'lsak, hujumni boshlashda himoyadan pas bilan chiqib ketishga harakat qildik. Maydon holatidan kelib chiqib o'z darvozamiz oldida uzun paslar tashkil etdik, raqib jarima maydonchasi yaqinida esa qisqa paslar bilan o'ynadik. Bu o'yin uslubini to'liq o'rganib olmaganimiz bois ikkinchi to'plarda yutqazib qo'ydik. Shundan keyin ikkinchi bo'limda o'z uslubimizga qaytib pressing uyushtira boshladik. Raqib bizga yaxshi qarshilik qildi, jamoada yaxshi murabbiy ishlayapti. O'ylaymanki, bu murabbiy bilan "Andijon" hali ko'p g'alabaga erishadi.
- Raqib safida Usmonali Ismonalievning qaizil kartochka olishi o'yinga ta’sir qildi deb o'ylaysizmi?
- Endi bu futbol. Har narsa bo'lishi mumkin. Raqib 11 kishi bo'lib harakat qilganida ham, biz gol urishimiz mumkin edi. O'sha holatgacha bo'lgan vaziyatni oladigan bo'lsak, ikkinchi taymni hujumkor boshladik va raqibni xato qilishga majbur qildik. Ketma-ket hujumlar va yuqori pressing evaziga raqib qo'pol o'ynashga majbur bo'ldi. Men ro'y bergan holatga yaqin turgandim, futbolchi atayin qilmagandir, lekin qoida hamma uchun bir xil. Balki bu ham ta’sir qilgan bo'lishi mumkin. Ammo bizning ham o'yinni kuchaytirish borasida o'z rejamiz bor edi.
- Ko'plab bellashuvlarda himoyada harakat qilgan Ubaydullaev bugun yarim himoyada o'ynadi. Bu taktika bilan bog'liqmi?
- Bu ko'proq jarohatlar bilan bog'liq. Jamoamizda jarohatlar ko'payib ketdi. Asosiy tayanch yarim himoyachimiz Yovan Joykich jarohat sabab safdan chiqdi. Abror Ismoilov, Anvar G'ofurovlarda ham jarohat bor. Bugun mana Ratino ham jarohat oldi. Bu holatda keyingi uchrashuvlarga qanday hozirlik ko'ramiz bilmayman. Yetakchilar birma-bir safdan chiqyapti. Ikrom Aliboev nima uchun zaxirada qoldirildi? Chunki unda uchta sariq kartochka bor edi. "Buxoro" bilan bahsni inobatga olgan holda uni zaxirada qoldirgandik. Afsus, bugun u to'rtinchi "sarig'i"ni oldi, endi keyingi tur o'ynay olmaydi. Muhsin uchun yarim himoya yangilik emas, o'tgan tur "Qizilqum" bilan bahsning oxirgi 20 daqiqasida "Andijon"ga qarshi tayyorgarlikni boshlagandik va Muhsinni yarim himoyada o'ynatgandik.
- 18 yoshli Nurmuhammad Abdug'anievning o'yini borasida fikringiz?
- Albatta, "Neftchi"dek chempion jamoada yoshlarning harakat qilishi ko'zni quvontiradi. Bu futbolchining o'zi uchun ham katta yutuq. Murabbiy sifatida biz ham katta tavakkalga qo'l uryapmiz. Nurmuhammad ishonchimizni oqlab kelmoqda. Agar ishlashdan to'xtamasa, payti kelib u ham Abduqodir Husanov darajasiga chiqadi. 18 yoshida Superligada yaxshi harakat qilyapti, shu paytgacha 3-4ta o'yinimizda maydonga tushib hali birorta xato qilmadi. Bu yosh futbolchi uchun katta yutuq hisoblanadi.
- Yozgi transfer oynasida "Andijon" "Neftchi"ning ikki futbolchisiga aloqaga chiqdi: Jumaev bilan Po'latovga. Yoshlarda o'yin tajribasini oshirish uchun "Andijon"ga bergan maqul emasmidi?
- Izzatillo Po'latovni bermoqchi bo'ldik, lekin "Andijon" xohlamadi. Asilbek Jumaevga kelsak, Abror Ismoilov jarohat olgach uning chizig'ida bitta o'yinchini ushlab turishimiz kerak edi, shu bois Jumaevni qo'yib yubormadik.
- Aytib o'tganingizdek, bugun Ratino jarohat oldi. Darvozabon Botirali Ergashev ham jarohat olishiga oz qoldi. Elit OCHLda bu kabi yo'qotishlar bilan qanday ishtirok etmoqchisiz?
- Hozir bir narsa deyish qiyin, bu borada mumarbbiylar o'tirib yana maslahat qilamiz. Biz uchun har bir bellashuv og'ir o'tyapti va har o'yinda jarohat kuzatiladigan bo'lsa, unda qiynalib qolishimiz mumkin va bu o'rinda yoshlarga ko'proq imkon beramiz. Vaziyatdan chiqib ketishga hrakat qilyapmiz. Restartdan so'ng oson o'yin o'tkazmadik, har bir bahs qiyin kechyapti. To'g'ri, eng muhim futbolchilarimizni yo'qotyapmiz, lekin bu vaqtincha holat deb umid qilaman. Nasib qilsa Elit OCHLgacha futbolchilarimiz tiklanib safga qaytishadi.



