

28-turning eng yaxshi darvozaboni - Farhod Rahmatov (“Qizilqum”)
28-tur bahsida Navoiyning “Qizilqum” jamoasi Olmaliqda OKMKni yutdi (1:0). Darvozabon Farhod Rahmatov ishonchli harakatlari bilan bahs qahramoniga aylandi. U o'yin davomida olmaliqliklarning bir nechta xavfli zarbalarini qaytarib, jamoasi darvozasi daxlsizligini saqlab qolishda muhim rol o'ynadi. Shu tariqa, aynan u haqli ravishda tur darvozaboni deb topildi.

28-turning eng yaxshi murabbiyi - Mirko Yyelichich (“Lokomotiv”)
Toshkentning “Lokomotiv” klubi 28-turda tartibli va mazmunli o'yin namoyish etib, chempionlik uchun kurashayotgan “Paxtakor”ni mag'lubiyatga uchratdi (2:1). Bu muvaffaqiyatda bosh murabbiy Mirko Yyelichichning tanlagan to'g'ri taktikasi va o'yin davomida amalga oshirgan o'zgarishlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Yakunda tajribali mutaxassis turning eng yaxshi murabbiyi nomiga loyiq ko'rildi.

28-turning eng yaxshi futbolchisi - Diyor Xolmatov (“Navbahor”)
Namanganning “Navbahor” jamoasi yarim himoyachisi Diyor Xolmatov 28-turda maydondagi faolligi va samarali harakatlari bilan ajralib turdi. U 42-daqiqada jamoadoshi Jaloliddinovni golli uzatma bilan taminlagan bo'lsa, 56-daqiqada "Neftchi" darvozasiga to'p ham kiritdi. Shunday qilib, uchrashuv davomida jamoasining hujumlarini tashkil etishda yetakchilik qilgan 8-raqam egasi yorqin performansi evaziga turning eng yaxshi futbolchisi deb etirof etildi.

28-turning eng chiroyli goli muallifi - Diyor Xolmatov (“Navbahor”)
“Navbahor” yarim himoyachisi Diyor Xolmatov 28-turda nafaqat eng yaxshi futbolchi, balki eng chiroyli gol muallifi sifatida ham qayd etildi. Uning to'pni to'xtatmagan holda raqib darvozasiga yo'llagan chiroyli va aniq zarbasi muxlislar hamda mutaxassislar etirofiga sazovor bo'lib, turning eng chiroyli goli deb topildi.




