
“Al Jazira” (BAA) va “Gol Gohar” (Eron) jamoalari o'yinida suriyalik hakam Xanna Hattab tanaffusda almashtirildi.
Ikkinchi bo'limni to'rtinchi hakam boshqardi.
Eron klubi vakillari hakamni spirtli ichimlik ichganlikda ayblamoqda. “Gol Gohar” jamoasi menejeri tanaffusda Varzesh3 nashriga bergan izohida hakam “normal holatda emas”ligini aytdi. Uning so'zlariga ko'ra, klub OFKga ikkinchi bo'limga maydonga chiqmasligini ma'lum qilgan. Shundan so'ng hakam almashtirildi va eronlik futbolchilar maydonga qaytdi.
Bu ayblovlar hozircha rasman tasdiqlanmagan.
Janjal birinchi bo'limdagi g'alati vaziyatdan keyin boshlangan. 32-daqiqada “Gol Gohar” o'yinchisi Ali Asg'ar Ashuriyga nisbatan qoidabuzarlik qayd etilgach, hakam “Al Jazira” darvozaboni Ersin Destanog'luga sariq kartochka ko'rsatdi. O'yin taxminan 4 daqiqa to'xtab turdi. Hattab to'rtinchi hakam bilan maslahatlashgach, ogohlantirishni bekor qildi.
Tanaffusda telekameralar “Gol Gohar” bosh murabbiyi Mehdi Rahmatiyni ham ko'rsatdi. U o'z yordamchilariga hakamning oldiga borib, bu qarorni tushuntirib berishini so'rashni buyurdi.
Xanna Hattab Osiyoning tajribali hakamlaridan biri. U 2023 yilgi Osiyo kubogi hakamlari ro'yxatida ham bo'lgan.