Islom Ahmedov: "Aziz Turg'unboevning terma jamoaga chaqirilishini juda istardik"

15 may 2026, 21:09
O'zbekiston Kubogi guruh bosqichidan o'rin olgan "Sho'rtan" - "Andijon" (1:3) uchrashuvidan so'ng mehmonlar ustozi Islom Ahmedov fikrlarini bildirdi.

"Bugungi g'alaba bilan "Andijon" muxlislarini tabriklayman. Futbolchilarimizga yaxshi o'yin ko'rsatishgani uchun minnatdorchilik bildiraman. O'yinga to'xtalsam, Asror akani yaxshi bilaman. Doim yaxshi jamoa shakllantirib kelgan. "Sho'rtan"ning o'yinlarini tahlil qilganimizda oson bo'lmasligini sezgandik. Bizda jismoniy tomondan ham ko'ra ko'proq ruhiy tayyorgarlik qiyin kechdi. Birdaniga ketma-ket yutuqlardan keyin eyforiyaga berilish holati bo'lishi mumkin edi. Lekin yigitlar bilan vaqtida gaplashib oldik. Bugun ular munosib o'yin namoyish qilishdi. Yakunda g'alaba qozondik", - deydi Islom Ahmedov.

- Bugun Dragan Cheranning xizmatidan foydalanmadingiz...
- Cherandan foydalanmoqchi edik. Lekin o'yin vaqti ertaroqqa qo'yilgani uchun ikkinchi bo'limda tushirishga qaror qildik. Raqib gol urgach esa rejalarimiz o'zgarib ketdi.

- Mutaxassis sifatida jamoangizning ilk goliga qanday qaraysiz?
- Bu faqat bizning jamoada bo'ladigan holat emas. O'yinning bir qismi, xolos. Jiddiy qoida buzish deb bo'lmaydi. Gohida jarima zarbalarini ham joyidan olishmaydi umuman o'ziga hos ayyorlik.

- Zaxiradan maydonga tushganlar nimani hal qila olishdi?
- Bizda zaxiradan tushganlar o'yinga temp qo'shmoqda, hujumkorlikni oshirishyapti. Shuning evaziga yutib ketyapmiz. Ularni zaxira futbolchisi demagan bo'lar edik. Jamoamizda 2 ta teng optimal tarkib shakllanib bormoqda. Qo'rqmasdan rotaciyalarga qo'l ura olyapmiz.

- Moliyaviy qiyinchiliklarga qaramay "Nasaf" guruh yetakchisimi?
- Oldindan kim yetakchi bo'lishini ayta olmaymiz. Imkon qadar jamoamiz birinchi o'rinni olishga harakat qiladi.

- Bugun bir nechta sobiq futbolchilar "Sho'rtan"ga qarshi maydonga chiqdi. Bu borada nima deya olasiz? Ikkinchi savol, Aziz Turg'unboevning terma jamoaga chaqirilmaganiga fikringiz qanday?
- Biz eski jamoa yoki yangi jamoaga e'tibor bermaymiz. Kim optimal holatda bo'lsa o'ynatamiz. Qayerdadir o'zini erkin tutgandir yoki sobiq jamoasining ojiz tomonini bilgandir. Aziz Turg'unboev O'zbekistonning Jahon chempionatiga chiqishiga yordam bergan. Jarohat sababli ko'p o'yinlarni o'tkazib yubordi. Terma jamoa murabbiyida katta mas'uliyat turibdi. Bu ularning tanlovi. Ammo biz uni terma jamoaga chaqirilishini juda istardik.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia