IMHO: o'zbek futboliga U-14 kabi chempionatlar kerak!

Og'abek Samisov
13 okt 2021, 20:47
4-14 oktyabr kunlari O'zbekiston U-14 chempionati o'tkazib kelinmoqda.

Musobaqa haqida

O'zPFL tomonidan o'tkazilayotgan mazkur turnir o'zining qiziqarli o'yinlari bilan yodda qolmoqda. Xususan, musobaqa finaliga finaliga Superliga va PRO Ligaga aloqasi yo'q Odil Ahmedov akademiyasi - Odil Junior jamoasi va Xorazm nomidan ishtirok etayotgan, ammo bu klubga aloqasi yo'q Xorazm oliy mahorat maktabi tarbiyalanuvyailaridan iborat Xorazm jamoasi yetib kelganini ham ajoyib.

Yillar davomida o'zbek futbolining hozirgi yulduzlarini tarbiyalagan Nasaf, Bunyodkor, Mashal kabi klublarning yoshlari esa negadir bu turnirda omadli ishtirok etishmadi. O'zbekiston terma jamoasining 9 oktyabr kuni Malayziyaga qarshi o'yinda qaydnomada bor ayrim futbolchilarning qaysi akademiyadan chiqqanini eslab o'tsak.

Rustam Ashurmatov Bunyodkor, Husniddin Aliqulov Nasaf, Dilshod Saitov Nasaf, Otabek Shukurov Mashal, Aziz G'aniev Nasaf, Jaloliddin Masharipov Paxtakor, Doston Hamdamov Bunyodkor, Husayn Norchaev Nasaf, Eldor Shomurodov Mashal, Ibrohimhalil Yo'ldoshev Paxtakor, Islom Qobilov Bunyodkor, Doston Tursunov Neftchi, Xojiakbar Alijonov Paxtakor, Oybek Bozorov Nasaf, Igor Sergeev Paxtakor va hokazo.

Foto: O'FA matbuot xizmati

Futbol klublari o'z akademiyalariga e'tibor berib, buning ortidan o'zbek futboliga yaxshi futbolchi yetishtirib bergani e'tiborga loyiq, albatta. Hozirda o'tkazilayotgan musobaqalar ham, aslida, maqsad jihatidan to'g'ri ko'zlangan. Yosh futbolchilar poytaxtga yig'iladi, o'z jamoasi sharafini yaxshi himoya qilishga harakat qiladi va buning ortidan hozirgi kundagi yaxshi saviyadagi akademiyalar murabbiylarining e'tiboriga tushishlari mumkin.

Bundan ham 14 yoshgacha bo'lgan bola, ham futbol akademiyasi va o'zbek futboli yutish ehtimoli bor.

Turnirdagi tashkilotchilik

Turnirning plyus tomonlari sanalganda o'yindan keyin eng yaxshi futbolchi uchun beriladigan sovg'a-yu, klublar joylashgan mehmonxonani alohida keltirish mumkin. Yosh viloyatlik futbolchi uchun bu katta ishtiyoq berishi turgan gap.

Shuningdek, O'zPFL ertaga bo'lib o'tadigan final oldidan medallar va kuboklarni ham tayyorlab qo'ygan.

Foto: O'zPFL matbuot xizmati

PFLga taklif

Turnirning ilk kuni So'g'diyona jamoasining aynan o'yini o'tadigan kuni Toshkentga yetib kelgani haqida eshitdik. Ushbu ma'lumotni muxlislar tomonidan shu kuni saytimizda yozilgan fikrlardan ham bilish mumkin.

So'g'diyona U-14 bosh murabbiyi Ulug'bek Almatov 1-turdan keyin bergan intervyusida quyidagi fikrlarni bildirib o'tdi:

Yo'ldan kelganimiz uchun biroz qiynaldik. Bolalar ochiq futbol ko'rsatishdi. O'yindan qoniqdim, lekin natijadan emas. Klub barcha sharoitlarni qilib berdi. Xudo xohlasa akademiyamiz qurilmoqda. Hammasi oldinda. To'g'ri bolalar futbolida natija talab qilinmaydi. Lekin bosqichma-bosqich bunga kelishimiz kerak. Baribir bolalarga motivaciya zarur.

Shuningdek, So'g'diyona va Turon jamoalari 2 kun davomida mehmonxona topishda qiynalgani haqida ham gap-so'zlarni eshitdik.

O'zPFL matbuot xizmati 2-3 bor bitta mehmonxona tashkilot bilan hamkorlik qilayotgani, futbolchilar esa ushbu hotel`da xordiq chiqarishayotgani haqida xabar berib keldi. Yuqoridagi ikki klub to'g'risida ma'lumotlar qanchalik asosli, aniq fakt yo'q (shu o'rida adashgan bo'lsak mazur tutasiz).

U-14 va U-16 O'zbekiston chempionati nizomga ko'ra, jamoalarning xizmat safari (yo'lkira, ovqatlanishi, yashash joyi) va musobaqalar o'tkaziladigan davr mobaynida o'z futbolchilarini sug'urta qilish bilan bog'liq harajatlar klub tomonidan qoplanadi.

Yagona taklif - PFL reglamentda jamoalar poytaxtga (musobaqa o'tkaziladigan joyga) eng kamida bir kun avval kelishni majburiy qilib ko'rsatsa yaxshi bo'lardi. Bunda jamoalar ko'nikib olishadi, uzoq yo'l bosmasdan stadionga kelishadi.

Bu kabi musobaqalar kerak o'zbek futboliga. Ishonamizki, bu harakatlar o'z samarasini beradi. Ertaga final, Chig'atoyda ko'rishguncha!

O'xshash yangiliklar


Og'abek SamisovMuallif
Manba: championat.asia