Hannover murabbiyi O'zbekistonning olti shahrida master-klass o'tkazadi

Narzulla Saydullayev
22 avg 2013, 12:56
Germaniyaning O'zbekistondagi elchixonasi 28 avgustdan 5 sentyabrga qadar sportning futbol yo'nalishi bo'yicha o'zining navbatdagi loyihasini amalga oshiradi.
Bu haqda Kun tahririyatiga kelib tushgan elchixona press-relizida ma'lumot berilgan.

Germaniya Bundesligasi vakili – Hannover 96 jamoasining futbol maktabi murabbiyi Andrey Vaybert O'zbekistonga taklif qilingan. U Toshkent, Guliston, Jizzax, Buxoro, Navoiy va Qarshi shaharlarining har birida futbol maktablarining 14 nafar tarbiyalanuvchisi bilan futbol bo'yicha uch soatlik mahorat darslari o'tkazadi. Har bir mahorat darsi ishtirokchilar o'rtasidagi kuchik futbol o'yini bilan yakunlanadi. Elchixona matbuot xizmatining qayd etishicha, ushbu loyiha Germaniya qurolli kuchlari – Bundesver va uning Termiz aeroportidagi bazasi ko'magida amalga oshirilmoqda.

Bu tarzdagi sport tadbiri 2013 yil mart oyida Termiz shahar Olimpiya zahiralari sport kollejining futbol jamoasi bilan ham o'tkazilgan. Andrey Vaybert o'sha vaqtda Bundesverning Termiz aeroportida joylashgan bazasida harbiy-medicina bo'limida xizmat qilgan. Yosh futbolchilarning ushbu mashg'ulotlarga bo'lgan qiziqishi bu tashabbusni yanada keng qamrovli tarzda o'tkazish uchun o'ziga xos bir turtki bo'ldi, – deya ma'lum qildi Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi.

Elchixona matbuot xizmatining ma'lumotlariga ko'ra, 1977 yilda tug'ilgan Andrey Vaybertga futbol bolaligidan boshlab hamrohlik qiladi. U Hannover 96ning ikkinchi jamoasi tarkibida Germaniya Oberligasigacha chiqqan va o'z vaqtida Hannover 96ning U-19 jamoasi tarkibida ham ishtirok etgan. Bundan tashqari, u 2005 yildan 2009 yilgacha Markaziy sanitariya xizmati qoshida xizmat qilgan professional askar sifatida Bundesverning terma jamoasida ham to'p surgan. Germaniya Futbol Federatsiyasining murabbiylik licenziyasiga ega bo'lgan Andrey oxirgi besh yildan beri Hannover 96 jamoasining futbol akademiyasida yosh futbolchilarga murabbiylik qilib kelmoqda.

Ushbu keng qamrovli loyiha Germaniya Federal Tashqi ishlar vazirligining sportni rivojlantirish bo'yicha xalqaro hamkorlik dasturi tarkibidagi chora-tadbirlar doirasida moliyalashtiriladi. Germaniya Federal Tashqi ishlar vazirligi bir necha yillardan buyon Germaniyaning butun dunyodagi rasmiy vakolatxonalari tashkillashtiradigan sport tashabbuslarini qo'llab-quvvatlab keladi. Bu chora-tadbirlar yoshlarni professional sport bilan shug'ullanishga ruhlantirishni o'z oldiga maqsad qilgan.

Qayd etish joiz, 2012 yilda, o'zbek futbolining 100 yilligini joylarda nishonlash tadbirlari doirasida, Termizda Surxon futbol jamoasi faxriylari hamda ISAF harbiylari ishtirokida o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazilgan edi. Termizdagi harbiy aerodrom Germnaiya harbiy-havo kuchlari tomonidan Afg'onistonga yuklarni jo'natish maqsadida foydalanadi. Avgust oyida O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ushbu aerodrom haqida to'xtalib, u yerda hech qanday qurol-aslaha yo'qligi, u harbiy baza emasligini aytib o'tgan edi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: kun.uz