Fransiya 1-divizion. Yana eski chempion, mavsum inqirozi, kutilmagan yurish, kashfiyot va boshqa qiziqarli faktlar

16 may 2016, 22:10
Fransiya chempionatining o'tgan mavsum yakunlari hamda qiziqarli faktlar xususida to'xtalib o'tamiz.


Chempion - PSJ

Parijliklar eng yaqin taqibchilari "Lion"dan oz emas, ko'p emas 31 ochkoga o'zib ketishdi va o'z tarixlarida oltinchi bor Fransiya chempionligini qo'lga kiritishdi.


Mavsum inqirozi

Fransiya chempionatining 2015/2016 yilgi mavsumida kutilmaganda "Marsel" jamoasi quyi o'rinlar uchun kurash olib bordi. Har doim yuqori maqsadlarni ko'zlaydigan, jiddiy vazifalarni bajarishga o'rgangan klub uchun bu yilgi ishtirok ko'ngildagidek kechmadi. Ispaniyalik mutaxassis Michelning ishlaridan qoniqmagan klub rahbariyati mavsumning muhim pallasiga kelib unga chiqish eshiklarini ko'rsatdi. Mahalliy mutaxassis Frank Passi esa vaqtinchalik bosh murabbiy vazifasi bajardi va jamoani kuchlilar orasida qolishini taminladi. "Marsel" Fransiya 1-divizionida 13-o'rinni egalladi.


Kutilmagan yurish

O'tgan yili qo'yi ligadan 1-divizionga chiqishga muvaffaq bo'lgan "Anje" jamoasi debyutant bo'lishiga qaramasdan mavsum davomida barchani lol qoldirib keldi. Stefan Mulen boshqaruvidagi jamoa PSJ bilan birgalikda jadvalda peshqadamlik qilgan paytlar ham bo'lgani fikrimizga tasdiq bo'la oladi. Fransiya chempionatida endigina chiqqan jamoaning qayd etgan natijalari, ko'rsatgan o'yinlari barchani birdek hayron qoldirdi. "Anje" ushbu mavsumda Fransiya chempionatida chinakamiga kutilmagan yurish qildi. Turnir jadvalining yuqori uchtaliligida yurgan paytlari bo'lgan bo'lsada, keyinchalik "Anje" jamoasi mavsumning hal qiluvchi qismida biroz sustlashdi va yakunda 9-o'rin bilan cheklandi. Lekin "Anje" uchun bu natija ham albatta juda yaxshi deb atalsa mubolag'a bo'lmaydi.


Snayper

Fransiya chempionatining ushbu mavsumdagi to'purari kutilganidek Zlatan Ibragimovich bo'ldi. Shvetsiyalik hujumchi 38 o'yinda raqiblari darvozasini 38 marotaba ishg'ol etdi va Fransiya chempionatining "oltin butsa"sini uchinchi bor o'ziniki qilib oldi.
Zlatan Parijdan ketishi oldidan ham chempionlikni, ham "oltin butsa"ni olib ketdi.

Kashfiyot

Ushbu mavsumda Fransiyada qaysi futbolchi kashfiyotga aylangani haqida biroz bahslashsa bo'ladi. Chunki barchani hayoliga birdan keladigan Usman Dembeledan tashqari mavsumni inqirozda o'tkazgan "Marsel" jamoasidan Batshuayini ham unutmaslik lozim. Garchi jamoasi mavsumni ko'ngildagidek o'tkazmagan bo'lsada, Batshuayi haqida bu fikrni bildira olmaymiz. "Marsel"ni kuchlilar qatorida qolishida Batshuayining xizmatlari beqiyos bo'ldi. Lekin mavsum kashfiyoti deb "Renn" 18 yoshli vunderkind futbolchisi Usman Dembeleni tanlashga qaror qildik. Ayni paytda "Renn"ning sobiq futbolchisiga aylanib ulgurgan Dembele yosh bo'lishiga qaramasdan ko'p vaziyatlarda jamoasini o'z ortidan ergashtira oldi. Uning jozibali o'yinlari, noodatiy harakatlari va foydali ish koefficenti yuqori bo'lganligi uchun bir qator grand jamoalar unga ko'z tikishgandi. Ammo Dortmundning "Borussiya" klubi barchadan ildamroq harakat qildi va Fransiya chempionatining kashfiyotiga aylangan futbolchini o'z safiga qo'shib olishga erishdi. Usman Dembele mavsum yakunlariga ko'ra, Fransiyada eng yaxshi yosh futbolchiga topshiriladigan sovrinni qo'lga kiritdi.


Faktlar

- Eng ko'p gol urgan jamoa: PSJ (102)
- Eng ko'p gol o'tkazgan jamoa: "Trua" (83)
- Eng ko'p durang o'ynagan jamoa: "Marsel" (18)
- Eng ko'pol jamoa: "Gazelek Ayachcho"  (94 ogohlantirish va 6 chetlatish)

Di Mariya o'zining PSJ safidagi dastlabki mavsumini juda ko'tarinki ruhda o'tkazdi. Anxel ushbu mavsumda Fransiya chempionatida 18 marotaba jamoadoshlarining gollariga assistentlik qildi va bu borada Fransiya 1-divizionida rekord o'rnatdi.


Evrokuboklarda kimlar o'ynaydi?

Chempion PSJ, ikkinchi o'rin sohibi "Lion" to'g'ridan-to'g'ri o'z ishtiroklarini YCHL guruh bosqichidan boshlashadi. Bronza medallariga egalik qilgan "Monako" esa YCHL guruh bosqichiga chiqish uchun saralash o'yinlarida ishtirok etadi.
Yevropa ligasi guruh bosqichiga qatnashish uchun "Nicca" yo'llanmani qo'lga kiritgan bo'lsa, "Lill" jamoasi saralash bosqichi orqali Yevropa ligasinining guruh bosqichiga chiqishga urinib ko'radi.


Quyi ligaga yo'l olgan jamoalar

"Trua", "Gazelek Ayachcho" hamda "Reyms" jamoalari keyingi mavsumdan e'tiboran 2-divizion orqali yana 1-divizionga chiqishga harakat qilishadi.


Fransiya 1-divizioni yangilari

Kelasi mavsumdan e'tiboran 1-divizionda "Nansi", "Dijon" hamda "Metc" jamoalari ishtirok etishadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia