Feruz Boboqulov bilan Aziz Ibragimov “Andijon”da

19 iyul 2014, 10:39
“Andijon” tarkibidagi o'zgarishlar davom etadi.
Jamoa yig'iniga kuni-kecha iqtidorli hujumchi Feruz Boboqulov kelib qo'shildi. Juma kuni o'tkazilgan mashg'ulotlarda futbolchi ishtirok etdi. Shu kuni mashg'ulotni kuzatish maqsadida “Sog'lom Avlod” stadioniga borganimizda, ashaddiy ishqibozlar yuqori tayyorgarlik bilan Aziz Ibragimovni intizorlik bilan kutayotgandi.

Avval saytimiz orqali xabar berganimizdek, Chexiyadagi hamyurtimiz shu kunlarda “burgutlar” lageriga yetib kelishi kutilayotgandi. Rejaga ko'ra,  mashg'ulot paytida, Ibragimov kutilganidek, “Sog'lom Avlod” stadioniga kirib keldi. Shunda muxlislar katta ishtiyoq bilan kelgan futbolchini karnay-surnay sadolari bilan kutib oldi.

Maxalliy ishqibozlarning bunday e'tiboridan to'lqinlanib ketgan Aziz Ibragimov quvonchini yashirmadi va “Andijon”ga kelib adashmaganini his etdi. Ibragimov dastlab klub rahbariyati bilan ko'rishib, suhbatlashgach, muxlislar o'tirgan tribuna tomon yo'l oldi va ularga bunday e'tibor uchun minnatdorchilik bildirdi. O'z navbatida muxlislar yetakchisi Nodirbek To'ychiev ham Ibragimov bilan salomlashib, jamoaning shunday og'ir kunlarida taklifni rad etmagani uchun futbolchiga rahmat aytdi. Qolvaersa klubni oliy ligada qolish yo'lida yordam berishini butun Andijon axli Ibragimovdan ham kutayotgani ta'kidladi.

Azizni insoniylik jihatdan boshqalarga numuna bo'lishga arziydigan futbolchi ekanligini bilib olish qiyin kechmadi. Mashg'ulotni diqqat bilan kuzatib, u tugaganidan so'ng har bir futbolchi bilan qo'l berib suhbatlashib chiqdi. O'z vaqtida “Mashal”da birga o'ynagan jamoadoshi Shuhrat Mirxoldirshaevni ko'rib, xursandligini yashirmadi. Qolaversa Ibragimov bosh murabbiy Sergey Shevchenko bilan ham ko'rishib, yaqindan tanishdi.

Aytish lozimki, oxirgi kunlarda jamoaning mashg'ulotini kuzatish maqsadida 100tadan kam bo'lmagan ishqibozlar tashrif buyurmoqda.

Bugun “Andijon” jamoasi rejaga ko'ra, Farg'onada “Neftchi” yoshlar jamoasiga qarshi sinov-nazorat bahsida maydonga tushadi. Mazkur o'yin “Qirguli SK”da kechadi. Shundan so'ng andijonliklarning yig'ini poytaxtga ko'chadi.

foto: Elmurod Ermatov
Islombek RUSTAMBEKOV.

Manba: championat.asia