Farruh Ibrohimov: "Ikkinchi davrada jamoamiz o'yin tomonlama o'sishga erishdi"

Sherzod Nurmatov
1 okt 2022, 12:32
Bekobodning "Metallurg" jamoasi birin-ketin g'alabalar qozonib, turnir jadvalida ko'tarilmoqda.

Jumladan, Superliganing 20-turida bekobodliklar safarda "Qizilqum"ga qarshi maydonga tushib, 1:0 hisobida g'alaba qozonishdi. Ushbu o'yindan keyin "Metallurg" futbolchisi Farruh Ibrohimov fikrlariga quloq tutdik.

- Farruh, dastlab "Qizilqum" bilan o'yin haqida fikrlaringiz bilan bo'lishsngiz...

- Navoiyda juda qiyin bahs o'tishini oldindan bilardik.  Shunga yarasha tayyorgarlik ko'rgandik. Murabbiylar tomonidan berilgan ko'rsatmalarni to'liq bajarishga harakat qildik. Jamoamiz bilan g'alaba qozonishni astoydil istadik va yakunda muvaffaqiyat qozondik.

- "Metallurg" ikkinchi davraga kelib o'z o'yinini topib olgandek....

- Darhaqiqat, biz birinchi davraga qaraganda ancha sifatli barqaror va hujumkor o'yin ko'rsatmoqdamiz. O'yin jihatidan o'sishga erishdik.

- Jamoa mavsumni qaysi o'rinda tugatishni maqsad qilgan?

- Xudo xohlasa, kuchli oltilikka kirish va muxlislarni chiroyli o'yinlarimiz bilan yanada xursand qilish.

- Ayting-chi, joriy mavsumdagi faoliyatingizdan qoniqish hosil qilyapsizmi?

- Joriy mavsum boshidan beri bosh murabbiyi menga ishonch bildirib, o'yin amaliyoti bermoqda. Futbolchi sifatida bu mavsum o'sishga erishdim. Shu o'rinda menga ishonch bildirayotgan bosh murabbiyga minnatdorchilik bildiraman.

- Umuman olganda, bosh murabbiyning talablarini tushunishda muammo bo'lmayaptimi?

- Bilasizmi, jamoamiz bosh murabbiyi ko'proq hujumkor o'yin talab qilmoqda. Qolaversa, ko'rsatmalarni tushunib olish qiyin bo'layotgani yo'q.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia