Evgeniy Kochnev: “Agar yaxshi taklif bo'lmasa, Bangladesh chempionatiga qaytishim mumkin”

Narzulla Saydullayev
12 sen 2021, 13:25
Buxorolik yarim himoyachi Evgeniy Kochnev bu mavsumda Bangladesh chempionatida o'tkazdi.

 Futbolchi “Uttarad Baritxa” sharafini himoya qildi. Kochnev mavsum yakunlari va kelgusidagi maqsadlari bo'yicha o'z fikrlarini bildirdi.

- Evgeniy, aslida Bangladeshga yo'l olishingiz qay tariqa amalga oshgandi?


- Mavsum boshida Bangladeshdan bir agent men bilan aloqaga chiqqan edi. U “Uttarad Baritxa” klubidan taklif bo'layotganini aytdi. Borib, sharoitlari bilan tanishib chiqdim. Shu tariqa, klub bilan shartnoma imzolagandim.

- U yerdagi faoliyatingizdan qoniqish hosil qildingizmi?


- Albatta. Bosh murabbiy barcha o'yinlarda menga ishonch bildirdi. Klubim safida bir nechta gollarni ham urishga muvaffaq bo'ldim. Umuman olganda, mavsum men uchun omadli tarzda kechdi. Klubimiz yangi jamoa bo'lsa-da, ko'plab jamoalarga yaxshigina boshog'riq bo'ldi.

- Kelgusida ham faoliyatingizni Bangladeshda davom ettirmoqchimisiz?


- Barchasi kelib tushadigan takliflarga bog'liq. Agar birorta yaxshiroq taklif tushmasa, balki yana Bangladesh chempionatiga qaytishim mumkin. Chunki u yerdan ham bir nechta jamoalar qiziqish bildirgan.

- Oxirgi yillarda Bangladeshda o'zbekistonlik futbolchilar soni oshmoqda. Bu nima bilan bog'liq?


- Chunki bizning futbolchilar juda yaxshi o'yin ko'rsatishmoqda. Mahalliy yigitlardan bir bosh ustun. Shu jihatidan klublar imkon qadar o'zbekistonlik futbolchilarni jalb qilmoqda.

- O'zimizning klublarimizdan ham takliflar tushmoqdami?


- Har qalay taklif bor. Biroq men o'zimda legioner sifatida to'p tepish istagi yuqoriligi sababli, chetga yo'l olmoqdaman.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia