

Toshkentning "Paxtakor" klubi 2-davrada vaziyatni o'nglab, chempionlik unvonini saqlab qolish uchun tarkibni kuchaytirishga harakat qilyapti. Ma'lum bo'lishicha, Maksim Shackix Po'latxo'ja Xoldorxonovni ham jamoaga qaytishini istagan. Ammo "Olimpik" rahbariyati iqtidorli hujumchini qo'yib yuborishni xohlamayapti.
Ma'lumot uchun, Po'latxo'janing transfer huquqi "Paxtakor"ga tegishli. U Timur Kapadze jamoasida ijara asosida to'p tepyapti.
Tomonlar o'rtasida imzolangan shartnomada "sherlar" o'z tarbiyalanuvchisini transfer oynasi ochilishi bilan qaytarib olish huquqini saqlab qolgan. Buning uchun "olimpiyachilar" 5 kun oldin rasman ogohlantirilishi kerak.
Bilishimizcha, "Paxtakor" allaqachon bu borada ogohlantirish yuborgan. Ammo "Olimpik" rahbariyati Xoldorxonovni jamoada ushlab qolmoqchi.
Transfer oynasi yopilishiga 1 soat vaqt qoldi. Ko'ramiz, Po'lat 2-davrani qaysi jamoada o'tkazar ekan.



