Dostonbek To'xtaboev: “Mashal”ni hozirgi holatda tashlab keta olmayman”

Narzulla Saydullayev
7 yanv 2022
O'tgan mavsum yakunlariga ko'ra Muborakning “Mashal” klubi Superliga bilan xayrlashdi.

Endilikda “gazchilar” Pro-liganing yangi mavsumi uchun tayyorgarlik ko'rmoqda. Xo'sh, jamoa darvozaboni Dostonbek To'xtaboev yangi mavsumni qayerda o'tkazadi? Buni futbolchi bilan bo'lgan suhbatda bilib olamiz.

“Yangi mavsumni “Mashal”da boshlashim aniq. Xudo xohlasa, biz yangi mavsumga yaxshi tayyorgarlik ko'rmoqchimiz. Chunki bizni qiyin yil kutmoqda. Mavsum yakuniga etganidan so'ng menga bir nechta jamoalardan jiddiy taklif bo'ldi. Biroq men barchasini rad etdim. Negaki, “gazchilar”ni qiyin holatda tashlab kyetishim to'g'ri emasdi. Shu erda o'ynab, o'sishga erishdim va faoliyatimnining yaxshi damlarini o'tkazmoqdaman. Qisqasi, “Mashal”da qolish to'g'ri qaror.

“Mashal” bilan shartnomam muddati 2022 yilning oxirigacha qadar mo'jallangan. Yangi boshlanadigan mavsumda Pro-ligada muhim g'alabalarni qo'lga kiritgan holda Superligaga qaytmoqchimiz. Shu orqali muboraklik muxlislarni xursand qilgan bo'lardik. “Mashal” O'zbekistonning eng yaxshi jamoalaridan biri hisoblanadi. Shunday jamoani quyi ligada bo'lishi yaxshi emas. Muxlislarimiz ham bizni tezroq Superligaga qaytishimizni istashadi”, - deya so'zini yakunladi To'xtaboev.



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia