
Matbuot anjumanida Nuraliev bilan birgalikda O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi futbolchilari - Jamshid Boltaboev hamda Ibrohim Abdullaevlar ishtirok etishdi.
O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Dilshod Nuraliev BAAdagi jahon chempionati bahslariga puxta tayyorgarlik ko'rilganini, ammo Gonduras bilan bo'lib o'tgan so'nggi o'yinda futbolchilarga hayojon halal berganini ta'kidladi. Jahon chemipionati final bosqichiga puxta tayyorgarlik ko'rdik. Ispaniyadagi so'nggi yig'in juda katta yordam berdi. Musobaqa tashkilotchiligi yuqori saviyada bo'ldi va u menda katta taassurot qoldirdi, -deydi Nuraliev.
Guruh bosqichidagi har uchta o'yinda alohida taktik yo'nalishdan foydalanishimiz kerak edi va bu o'z samarasini berdi, degan fikrdaman. Gonduras bilan o'yinda ma'lum bir xatolarga yo'l qo'yildi, balki murabbiylar shtabi, shaxsan o'zim xatoga yo'l qo'ygan bo'lishim mumkin.
Dilshod Nuraliev, Gonduras o'smirlariga qarshi bo'lib o'tgan o'yindagi holat haqida ham to'xtalib o'tdi va bu o'yinda yo'l qo'yilgan xatolarga hayajon sabab bo'lganini ta'kidlab o'tdi. Balki bu xatoliklarga hayajon sabab bo'lgan bo'lishi mumkin, bu esa qoidabuzarliklarga, kartochkalarga sabab bo'ldi. Ikkinchi bo'limda hujumkorlarni tushirishni rejalashtirgandik. Gonduras o'yinidagi erta qizil kartochka o'yin taktikasi o'zgarib ketdi, - dedi Nuraliev.
Yigitlarimiz qo'ldan kelganicha Vatan sharafini munosib himoya qilishdi, buning uchun shogirdlarimga minnatdorligimni bildiraman. Federatsiya rahbarlari tomonidan qo'yilgan vazifani bajara olmadik, biroq futbolchilar qo'llaridan kelganicha o'ynashdi. Agar guruhda qolib ketganimizda, bunchalik alam qilmagan, jon kuydirmagan bo'lardim. Chunki ayb faqat va faqat o'zimda bo'lardi. Yaxshi o'ynab turib yutqazish, alam qiladi. O'yin tomondan emas, lekin qayerdadir xato qildik. Komilov qizil olganidan keyin, balki men boshqacharoq taktika tanlashim, Karimov o'rniga boshqani tushirishim kerak edi.
Matbuot anjumanida ishtirok etgan O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi himoyachisi Ibrohim Abdullaev Jahon chempionati bahslari futbolchilar uchun katta tajriba bo'lganini ta'kidladi. Jahon chempionati bahslari biz uchun katta tajriba maktabi bo'ldi. Gonduras bilan o'yin boshida o'zimiz xatoga yo'l qo'ydik, shuning uchun keyinchalik qiynalib qoldik. Birinchi o'yinda hayajonlandik, lekin keyin izga tushib ketdi, - dedi Abdullaev.
Musobaqa darajasini solishtirganda, terma jamoa miqyosidagi o'yinlar saviyasi juda yuqori. Birinchi Ligada ham ko'p o'ynaganmiz, lekin hatto Yevropa klublari bilan o'tkazgan o'yinlarimizda tezlik yuqori edi", - deya qo'shimcha qildi Abdullaev.
O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi futbolchisi Jamshid Boltaboev esa, Gonduras bilan o'yinda jamoadoshlariga yordam bera olmagani uchun uzr so'radi. Sariq kartochkalar olib, Gonduras bilan o'yinda yordam berolmadim. Buning uchun jamoadoshlarim oldida hijolatdaman, - deydi futbolchi.
Biz bir yildan beri Birinchi Ligada o'ynayapmiz va bir yildagi birorta o'yinni JCHning bitta o'yiniga tenglashtira olmaymiz. JCHda ishtirok etib kelgan har bir futbolchi o'z jamoasida yetakchiga aylanishi kerak, deb hisoblayman, - dedi Boltaboev.
O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi o'smirlarning Jahon chempionati bahslaridan so'ng boshqa terma jamoalarda o'ynab ketishsa, bundan faqat hursand bo'lishini ta'kidladi. Kuni kecha TJMda hisobot bo'ldi. U-19 termasi bosh murabbiyi A. Evstafeev bir qator futbolchilarni jalb etmoqchiligini aytdi. Agar shogirdlarim boshqa terma jamoalarga ham yordam bera olishsa, bundan juda xursand bo'laman, - dedi murabbiy.
Shartnomam 31 dekabr kuni yakuniga etadi va hozircha kelajagim haqida hech narsa deya olmayman. Katta yoshli terma jamoalar bilan ishlash nisbatan oson, eng qiyini – o'smir va yoshlar bilan ishlash.
Nuralievning fikricha, aksariyat yosh futbolchilar natija ko'rsatganidan keyin o'z ustida ishlamay qo'yishi bu xato. Agar JCHda qatnashib kelgan futbolchilar Men o'z vazifamni bajarib bo'ldim deb hisoblasa, katta xato qiladi. Ko'pincha savol berishadi, Nega OCH, JCHdan keyin futbochlilar yo'qolib qolyapti?, deb. Aksariyat yosh futbolchilar natija ko'rsatganidan keyin, o'z ustida ishlamay qo'yadi. Lekin bu katta xato.
Agar Birinchi Liga, Yoshlar Ligasi saviyasi past bo'lsa, futbolchi o'z ustida tinmay ishlashi va o'zini ko'rsatishi kerak, - deydi Nuraliev.